"O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida"gi O`zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi e`lon qilindi
O`zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga quyidagi qo`shimchalar kiritiladi:
quyidagi mazmundagi 185-2 va 185-3-moddalar bilan to`ldiriladi:
“185-2-modda. Sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo`lgan ashyolarni olib yurish
Kasbiy yoki sport faoliyati yoxud maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog`liq bo`lmagan holda, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo`lgan, sport va xo`jalik-maishiy maqsadlar uchun mo`ljallangan ashyolarni jamoat joylarida olib yurish - sovuq qurol hamda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo`lgan ashyolarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi.
O`zini o`zi himoya qilish maqsadida fuqaroviy qurolni (bundan o`zini o`zi himoya qilish quroli mustasno), sovuq qurolni hamda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo`lgan, sport va xo`jalik-maishiy maqsadlar uchun mo`ljallangan ashyolarni olib yurish - sovuq qurol hamda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo`lgan ashyolarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining o`n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o`n besh sutkagacha muddatga ma`muriy qamoqqa olishga sabab bo`ladi.
185-3-modda. Sovuq qurollarning qonunga hilof muomalasi
Tig`ining yoki keskichining (damining) uzunligi to`qson millimetrdan ortiq bo`lgan, tugmasi yoki pishangi bosilganda sopidan avtomatik ravishda chiqariladigan va mahkamlanadigan yoxud og`irlik kuchi yoki tezkor harakat hisobiga surilib chiqadigan hamda avtomatik ravishda o`rnashadigan tig`li sovuq qurol va pichoqlarning, shuningdek qurol sifatida qo`llash uchun maxsus moslashtirilgan zarb berib-parchalovchi va uloqtiruvchi ta`sirga ega ashyolarning (gurzilar, kastetlar, surikenlar, bumeranglar va boshqa ashyolarning) qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, tashish, saqlash, jo`natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda O`zbekiston Respublikasiga olib kirish (O`zbekiston Respublikasidan olib chiqish) yoki o`tkazish - sovuq qurol hamda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo`lgan ashyolarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga yoxud o`n besh sutkagacha muddatga ma`muriy qamoqqa olishga sabab bo`ladi”.






