AsosiySport

Rasman: Koronavirus sababli xalqaro sport tadbirlari yurtimizda vaqtinchalik cheklanadi

'Rasman: Koronavirus sababli xalqaro sport tadbirlari yurtimizda vaqtinchalik cheklanadi'ning rasmi

Ilk bor Xitoyda aniqlanib, so`ngra dunyoning ko`plab davlatlariga kirib borgan COVID-19 koronavirusi bugun butun dunyoni tahlikaga solib turibdi. Shukrki yurtimizda bu yuqumli va o`ta xavfli epidemiya alomatlari aniqlanganicha yo`q. Biroq, xotirjam bo`lish aslo yaramaydi, chunki koronavirus ayni paytda sayyoramizning 70dan ortiq davlatiga kirib bordi.

Mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, qolaversa hukumatimiz tomonidan berilgan ko`rsatma va tavsiyalar ijrosini ta`minlash maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligining buyrug`i qabul qilindi.

Unga ko`ra, Respublika hududida o`tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro tadbirlar va sport musobaqalari vaqtincha to`xtatildi. Bundan ko`zlangan maqsad — koronavirus epidemiyasini yurtimiz hududiga kirib kelishining oldini olish bo`lib, buyruq bilan xalqaro musobaqalarda O`zbekiston milliy terma jamoa a`zolarining ishtiroki hamda tizim xodimlarining xorijiy xizmat safarlari vazirlik bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi belgilab qo`yildi.

Shuningdek, sport turlari bo`yicha respublika sport musobaqalari (chempionat va kuboklar) O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, hududiy sport musobaqalarini esa hududiy sog`liqni saqlash boshqarmalari bilan kelishgan holda o`tkazish vazifasi yuklatildi.

Bundan tashqari, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi respublika tashkilotlari va jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan targ`ibot materiallarini chop etish va ularni e`tibor qaratiladigan joylarga ilinishini ta`minlash orqali xalqimizning tibbiy madaniyatini yuksaltirish ham ko`zda tutilgan.

Xullas, barchamiz bir tan-u bir jon bo`lib harakat qilsak, COVID-19 koronavirusining yurtimizga kirib kelishining oldi olinadi.

    Boshqa yangiliklar