Xabaringiz bor, kecha, 2 mart kuni Mirishkor tumani hokimining mahalla raislarini so`kkani va urgani haqidagi audio tarqaldi. Qashqadaryo viloyati hokimligi bu ovoz haqiqatdan ham Mirishkor tumani hokimi B.Radjabovning ovozi ekanligini tasdiqladi.
Shuningdek, Bosh prokuratura ushbu holat bo`yicha tekshiruvlar boshlanganini ma`lum qildi.
Ayni paytda “Darakchi” muxbiri ovoz egasi bo`lgan, Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabov bilan uchrashdi.
Rahbar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ovoz unga tegishli ekanligini tan olib, mazkur qilmishini mahalla raisining nopisand muomalasi bilan izohladi.
— Mahalla raislaridan biri berilgan topshiriqni bajarmagandi. Bu ham etmagandek, izoh so`raganimda nopisand javob berdi. Charchoq holatida bo`lganim uchun o`zimni boshqarolmay so`kib qo`yibman, - deydi Baxtiyor Rajabov.
Ma`lum bo`lishicha, voqea 28 fevral kuni bo`lib o`tgan yig`ilish so`ngida sodir bo`lgan. U erda tuman soliq inspeksiyasi rahbari, moliya boshlig`i bo`lgan.
Yig`ilishda ishtirok etgan mahalla raislaridan birining ma`lumot berishicha, hokim o`sha kungi yig`ilishda 5-6 ta mahalla raislarini urgan. Hokimdan kaltak egan mahalla raislari orasida deputat ham bo`lgani aytilmoqda.
— Eng yomoni mahalla raislaridan Haydar aka degan deputat aka ham hokimdan tayoq edi, - deydi rais.
Mirishkor hokimi esa urganlik holati bo`lmaganini aytmoqda:
— Yig`ilishda so`kinganim rost, ammo hech kimga qo`l ko`tarmadim. Kimgadir qo`l ko`tarilgani aks etgan ovoz montaj qilib qo`shilgan.
Hokimning ushbu gapini tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Shuhrat Xo`jaev ham tasdiqlamoqda.
— Hokim hech kimga qo`l ko`tarmadi, Qolaversa, hokimning haqoratli so`zlari barchaga emas, bir kishiga qaratilgandi, - deydi Shuhrat Xo`jaev. Biroq matbuot xizmati rahbari uning kim ekanligini eslolmadi.
Ma`lum qilishlaricha, 28 fevraldagi yig`ilish o`sha kuni soat 20:00 dan 24 gacha davom etgan.
Mahalla raislaridan birining qo`shimcha qilishicha, hokimning chegaradan chiqishiga viloyat pochta boshlig`ining mahalla raislariga qilgan e`tirozi sabab bo`lgan.
— Kechasi soat 23 da 2-yig`ilish boshlandi, yig`ilishga kirib kelgan viloyat pochta boshlig`i Orif aka mahalla raislari soliq tushumlarini bajarmayotganini aytib, e`tiroz bildirdi. Shunda yig`ilishga kirib kelgan hokimning jahli chiqib hammani so`kib ketdi. 5-6 ta mahalla raislarini urdi. Ahmad ismli raisning qovurg`asi sindi, , - deydi mahalla raisi.
Shuningdek, ma`lum bo`lishicha, yig`ilishda qatnashgan viloyat pochta boshlig`i Orif Mahmudov mahalla raislariga har oy 10 million so`mdan soliq tushumlarini topshirish majburiyatini qo`ygan.
Eslatib o`tamiz, mazkur voqea O`zbekistondagi hokimlar tomonidan birinchi marta sodir bo`lgan holat sanalmaydi. Bundan avval Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev, Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`aniev, Mirishkor tumanining sobiq hokimi va yana bir nechta hudud rahbarlari tomonidan haqoratlar, tahdidlar yog`ilgan audiolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan edi. Sal avval, ushbu holatlar bo`yicha bloger Xushnud Xudoyberdiev o`zining keskin tanqidini bildirgan:
Sizlar oddiy xizmatchisizlar. XALQ XIZ-MAT-ChI-SI! Tamom. Barchangiz shunaqasiz, viloyat hokimi ham, tuman hokimi ham — Xushnud Xudoyberdiev






