Farg`ona viloyatida o`qituvchiga qo`pol munosabatda bo`lgan Yo`l patrul xizmati inspektori o`z lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Eslatib o`tamiz:
2020 yilning 11 yanvar kuni Farg`ona tumanidagi 22-umumta`lim maktabining chaqiruvga qadar boshlang`ich tayyorgarlik rahbari I.Umarov maktabning yuqori sinf o`quvchilarini harbiy poligonda bo`lib o`tayotgan “Ochiq eshiklar kuni”da ishtirok etish uchun olib borayotgan vaqtda “Oq-bilol” qishlog`i hududida avtomobillar harakatini nazorat qilgan YPX inspektori I.Odilov “ISUZI” avtobusini to`xtatib, tadbir sababli yo`l yopilganligini ta`kidlagan.
Shunda I.Umarov: “Menda ruxsatnoma bor, o`tishim kerak” deb ruxsatnomani ko`rsatgan, lekin YPX inspektori o`qituvchini haqorat qilib, kamsitib, huquqlarini buzgan.
Ichki ishlar tizimi, jumladan, Yo`l patrul xizmati xodimlariga hurmatimiz yuqori bo`lsa ham, Vazirning Nazorat-huquqiy Xizmati tomonidan tizimda faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning sha`ni, qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilish maqsadida Farg`ona tuman prokuraturasiga murojaat etilib, ijtimoiy tarmoqlardagi holat va o`qituvchi I.Umarovning arizasi yuzasidan tekshirish o`tkazildi.
Natijada noqonuniy harakatlar sodir etgan IIB YHXB YPX 1-otryad 3-safarbarlik guruhi yo`l-patrul xizmati inspektori safdor I.Odilov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Xulosa o`rnida shuni aytish mumkinki, har qanday noqonuniy harakatlar uchun jazo muqarrar. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta`limi tizimida boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora tadbirlari to`g`risida”gi qaror ijrosini ta`minlashda, Vazirning nazorat huquqiy Xizmati xalq ta`limi tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarning sha`ni, qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilib, ularni huquqlarini buzilishi yoki poymol bo`lishini oqibatsiz qoldirmaydi.
Xalq ta`limi Vazirining Nazorat-huquqiy Xizmati
Xalq ta`limi vazirligining matbuot xizmati






