Bir necha kun oldin Davergeodezkadastr qo`mitasi raisi Abdushukur Abdullaev Qashqadaryo viloyatida o`tkazgan yig`ilishida 10 nafar rahbar va xodimlarni egallab turgan vazifasidan ozod etgani to`g`risida xabar bergandi...
Qo`mita raisi 26 fevral sanasida Andijon viloyati er resurslari va davlat kadastri rahbar hamda xodimlari ishtirokidagi yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda darakchi.uz saytiga O`zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo`mita raisining matbuot kotibi-axborot siyosati bo`yicha maslahatchisi Ne`mat Atamuratov xabar qildi.
Unda o`z vazifalariga sovuqqonlik bilan qarab sohaga oid O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va qarorlari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlari ijrosini ta`minlamaganliklari va tumanda etarli darajada ishni tashkil etmaganligi uchun Ulug`nor, Jalaquduq va Shaxrixon rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek er maydonlaridan foydalanishni nazorat qilish ishlari va xatlovlar yakuni bo`yicha tumanda etarli darajada ish tashkil etmaganligi uchun Izboskan, Qo`rg`ontepa tumanlari hamda Andijon shahar filial rahbarlariga intizomiy jazo berildi.
Yig`ilishda qo`mita raisi bo`sh turgan er maydonlarini “Auksion” savdolariga qo`yish Andijon viloyatida «qoniqarsiz» xolatda ekanligi, viloyatda 6500 gektar atrofida bo`sh turgan er maydonlari mavjudligiga qaramasdan noqonuniy ravishda uy-joylar va ijtimoiy ob`ektlar qurilishi asosan ekin erlarda amalga oshirilayotganligi jiddiy tanqid qildi.
Eng og`riqli masala korrupsiya xususida to`xtalib Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha «Andijon usuli»ni tashkil etish va Respublikada namuna bo`lishga chaqirildi.






