Ispaniyaning Tenerife orolida joylashgan va ichida taxminan ming kishi bo`lgan H10 Costa Adeje Palace mehmonxonasi sog`liqni saqlash organlari tomonidan izolyasiya qilindi. Bu haqda Meduza xabariga tayanib, daryo internet nashri xabar bermoqda.
Ma`lum bo`lishicha, mehmonxonada bir haftadan buyon yashayotgan Italiya fuqarosida 24 fevral, dushanba kuni, koronavirus aniqlangach, mehmonxonadan sayyohlarni chiqarish to`xtatilgan. Ispaniya rasmiylari kasallangan kishi bilan aloqada bo`lgan barcha kishilarni tekshirmoqda.
Avvalroq Ispaniyada uch kishida koronavirus aniqlangani haqida xabar berilgan edi.
Dunyo bo`yicha koronavirusni yuqtirib olganlar soni 25 fevral holatiga ko`ra, 80 ming kishidan oshib ketdi, qurbonlar soni esa 2700 kishiga etdi. Evropada kasallik tarqalishining eng yirik markazi Italiyada joylashgan bo`lib, u erda 229 ta holat qayd etilgan, etti kishi vafot etgan.






