36 yoshli MChJ rahbari xorijiy davlatlardan import qilingan tovar moddiy boyliklarni naqd pulga sotib, davlat tomonidan belgilangan soliqlarni to`lashdan bo`yin tovlagan...
Farg`ona viloyati Farg`ona tumani tadbirkorlik sub`ektlariga davlat xizmatlarini ko`rsatish «Yagona darcha markazi» tomonidan 2017 yil 11 avgustda ro`yxatga olingan mas`uliyati cheklangan jamiyat tashkil qiladi. Unga rahbarlik qilib, mansabdor shaxs bo`lib, amalda bo`lgan iqtisodiyot va xo`jalik sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarga zid ravishda, Prezidentimizning 1996 yil 9 avgustdagi “Byudjet bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishda xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning javobgarligini oshirish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 1504-sonli Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 5 avgustdagi “Pul mablag`larining bankdan tashqari muomalasini yanada qisqartirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 280-sonli qarori talablarini buzadi. 2017 yilda 4.946.921,5 ming so`mlik, 2018 yilda 5.498.770,2 ming so`mlik va 2019 yilda 78.574.092,5 ming so`mlik tovar-moddiy boyliklarni naqd pulga sotib yuboradi. Jamiyat tomonidan Farg`ona viloyati O`zbekiston tumani DSIga topshirilgan rasmiy hisobotlarda aks ettirmay, hisobotlarga soxta ma`lumotlar kiritadi. Naqd pulga sotib yuborilgan tovarlar savdo pul mablag`larini jamiyatning bank muassasasidagi hisob raqamiga topshirmay o`zlashtiradi. Savdo va xizmat ko`rsatish qoidalarini juda ko`p miqdorda buzgan.
Shuningdek, MChJ rahbari Prezidentimizning 1996 yil 9 avgustdagi «Byudjet bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishda xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning javobgarligini oshirish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida»gi 1504-sonli Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 5 avgustdagi «Pul mablag`larining bankdan tashqari muomalasini yanada qisqartirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi 280-sonli qarori hamda O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 114-moddasi talablarini buzadi. 2017 yilda jamiyatning balansida bo`lgan 4.946.921.500 so`mlik tovar moddiy boyliklarni naqd pulga sotib yuboradi. Ushbu miqdordagi tushumlarni yashirib, Soliq kodeksining
350-351 moddalari talablariga zid ravishda 5 foizlik stavkadan jami 247.346.100 so`mlik yagona soliq to`lovini to`lashdan bo`yin tovlaydi. 2018 yilda jamiyatning balansida bo`lgan 5.498.770.200 so`mlik tovar moddiy boyliklarni naqd pulga sotadi. Ushbu miqdordagi tushumlarni yashirib, 5 foizlik stavkadan jami 274.938.500 so`mlik yagona soliq to`lovini hamda vositachilik faoliyati bo`yicha soliq solish ob`ektini 112.619.300 so`mga kamaytirib ko`rsatib 37.164.400 so`m miqdoridagi yagona soliq to`lovini hamda 2018 yil davomida bajarilgan qurilish, xizmat ko`rsatish ishlaridan tushgan tushum bo`yicha topshirilgan hisobotlarda yagona soliq solish ob`ektini 1.525.915,0 ming so`mga kamaytirib ko`rsatib 76.295,8 ming so`mlik yagona soliq to`lovini to`lashdan bo`yin tovlaydi. Jami bo`lib, 2017-2018 yillar uchun kamaytirishga hisoblangan 45.597,7 ming so`m yagona soliq to`lovini chegirgan holda qo`shimcha hisoblangan jami 590.147.100 so`mlik juda ko`p miqdorda davlat manfaatlariga zarar etkazgan.
Sudlanuvchi sudda dastlabki tergov davrida bergan ko`rsatuvini to`liq tasdiqlagan holda aybiga to`liq iqror bo`ldi.
“OZODLIKNI ChEKLASh YoKI OZODLIKDAN MAHRUM QILISh TARIQASIDAGI JAZO BILAN ALMAShTIRIShI TUShUNTIRILDI”
Baxriddin IKRAMOV, jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudi sudyasi:
— Sudlanuvchi JKning 184-moddasi 3-qismi va 189-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topildi. JKning 59-moddasi tartibida, tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 2 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Sudlanuvchiga JKning 46-moddasi 4-qismiga asosan, agar shaxs sud tomonidan tayinlangan axloq tuzatish ishlari muddatining jami bo`lib o`ndan bir qismidan ko`prog`ini o`tashdan bo`yin tovlasa, sud axloq tuzatish ishlarining o`talmagan muddatini xuddi shu muddatga ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtirishi tushuntirildi.
Etkazilgan zararni qoplash maqsadida topshirilgan, Toshkent shahar prokuraturasining depozit hisob raqamida saqlanayotgan 590.147.100 so`m mablag`lar Farg`ona viloyati O`zbekiston tumani DSI orqali davlat foydasiga o`tkazildi.
Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist






