AsosiyJamiyat

Kontrafakt matbaa mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish jinoiy javobgarlikka sabab bo`ladi

'Kontrafakt matbaa mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish jinoiy javobgarlikka sabab bo`ladi'ning rasmi

Bir necha kun muqaddam ijtimoiy tarmoqlarda sifatsiz va kontrafakt daftar mahsulotlaridagi xatolar aks etgan suratlar tarqalgan edi.

Shuni alohida ta`kidlash kerakki, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tomonidan kontrafakt va nostandart matbaa mahsulotlari ishlab chiqarilishi, tarqatilishi va realizasiya qilinishiniyu oldini olish bo`yicha huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda doimiy monitoring ishlari tashkil etilgan. O`rganishlarda aniqlangan huquqbuzarliklarga qarshi tegishli choralar ko`rish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti hamda Davlat soliq qo`mitasiga murojaatlar yuboriladi.

Murojaatlarga asosan, Departament tomonidan 2019 yil yakunlari bo`yicha respublikamizning barcha viloyatlari bo`yicha jami 293 ta kitob savdo bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlik sub`ektlarida profilaktika ishlari tashkil etildi. Qonunchilik talablariga rioya etmasdan realizasiya qilinayotgan jami 32 674 ta matbaa mahsulotlari savdodan chiqarildi. Ularning umumiy qiymati 120,2 mln so`mdan ziyodni tashkil etadi.

Bir necha kun muqaddam ijtimoiy tarmoqlarda surati e`lon qilingan daftar kabi kontrafakt mahsulotlarini ishlab chiqargan korxona nomi, manzili va boshqa ma`lumotlar ko`rsatilmagani tufayli ushbu tadbirkorlarni topish, chora ko`rish imkoniyati nihoyatda kam. Kontrafakt mahsulotlari hisoblangan daftarlarga nazar solsangiz «O`zbekistonda ishlab chiqarilgan»dan bo`lak ma`lumotni uchratmaysiz. Hattoki, umuman boshqa nashriyot nomidan foydalanib matbaa mahsulotlari ishlab chiqarayotgan soxta tadbirkorlar ham yo`q emas. Ularga qarshi kurashish uchun jamoatchilik nazorati juda muhim.

Shuningdek, Agentlik tomonidan 2019 yilning avgust oyida O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi, “O`zstandart” agentligi, Respublika sanitariya-epidimiologiya nazorati markazining mas`ul mutaxassislari ishtirokida respublikamizda faoliyat yuritayotgan noshirlik va matbaachilik korxonalarida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar, Umumiy texnik reglament va davlat standartlari talablariga muvofiq matbaa mahsulotlarini tayyorlash bo`yicha 30 dan ortiq tadbirkorlik sub`ektlarida sayyor seminarlar o`tkazilgan.

Ushbu semnarlarda mutasaddi tashkilotlarning mutaxassislari tomonidan korxonaning moliyaviy va ishlab chiqarish jarayonlariga aralashmagan holda, korxona rahbarilariga matbaa faoliyati bilan shug`ullanishda qo`llaniladigan sohaga oid amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar, “Ta`lim muassasalari uchun xavfsiz poligrafiya mahsulotlari haqidagi Umumiy texnik reglament” va davlat standartlari talablariga rioya qilgan holda matbaa mahsulotlarini ishlab chiqarish yuzasidan huquqiy maslahatlar berilgan.

Agentlik mutaxassislari tomonidan seminar ishtirokchilariga korxona faoliyatini va ishlab chiqarish jarayonlarini to`g`ri tashkil etishda zarur bo`lgan me`yoriy hujjatlar, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 3 iyundagi 146-son qarori bilan tasdiqlangan “Ta`lim muassasalari uchun xavfsiz poligrafiya mahsulotlari haqidagi Umumiy texnik reglament”, “Maktab daftarlari uchun gigienik talablar” SanPiN 0270-09 namunalar to`plami taqdim qilingan.

Matbaa korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan matbaa mahsulotlarini, ayniqsa, daftar mahsulotlarini “O`zstandart” agentligidan tegishli muvofiqlik sertifikati va Respublika sanitariya-epdimiologiya markazining gigienik talablarga rioya etilganlik to`g`risidagi ekspertiza xulosasi olingandan so`ng realizasiya qilish maqsadga muvofiqligi eslatib o`tilgan.

Shuningdek, korxona rahbarlari mazkur talablarga rioya etmaslik, hususan, bolalar sog`ligiga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin bo`lgan matbaa mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish, mualliflik huquqlarining buzilishi soliq, ma`muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo`lishi haqida ogohlantirilgan.

Shu bilan birga seminarda, ishlab chiqarish jarayonlarida yuzaga kelayotgan muammoli masalalarni hal etish bo`yicha savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi va ishlab chiqarish jarayonlarini qonunchilik talablari asosida yo`lga qo`yish borasida zurur amaliy tavsiyalar berilgan.

Bundan tashqari, Agentlik tomonidan mavzuga oid bir qator seminarlar tashkil etilgan. 

    Boshqa yangiliklar