Hukumat qarori bilan yuqori mehnat samaradorligiga erishayotgan jismoniy tarbiya fani o`qituvchilarini munosib rag`batlantirishni tashkil etish maqsadida bir qator qarorlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi.
Jumladan, Maktabgacha, umumiy o`rta, o`rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta`lim muassasalari pedagog kadrlarini attestasiyadan o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizomga kiritilgan qo`shimchaga ko`ra:
Ta`lim muassasalarining quyidagi jismoniy tarbiya fani o`qituvchilariga malaka toifasi (lavozim) to`g`ridan-to`g`ri (attestasiyadan o`tkazilmasdan) beriladi:
• tuman (shahar) miqyosidagi sport musobaqalarining 1-o`rin sovrindorlarini tayyorlaganlarga – ikkinchi malaka toifasi (katta o`qituvchi lavozimi);
• viloyat miqyosidagi sport musobaqalarining 1-o`rin sovrindorlarini tayyorlaganlarga – birinchi malaka toifasi (etakchi o`qituvchi lavozimi);
• xalqaro hamda respublika miqyosidagi sport musobaqalarining 1, 2 va 3-o`rin sovrindorlarini tayyorlaganlarga – oliy malaka toifasi (bosh o`qituvchi lavozimi).
Shuningdek, endilikda OTMlar reytingini aniqlashda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish bo`yicha faoliyat ham mezon sifatida hisobga olinadi.






