18 fevral kuni “O`zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, tibbiy va transport xizmati ko`rsatish sharoitlariga ko`ra mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirining birinchi o`rinbosari – vazirga hamda vazirlik hududiy bo`linmalari boshliqlari birinchi o`rinbosarlari – vazirlik hududiy bo`linmalari boshliqlariga tenglashtiriladi. Bu haqda “Huquqiy Axborot” kanali xabar berdi.
Har bir mahallada tadbirkorlik sub`ektlari – yuridik shaxslarni faol jalb qilish hisobiga fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi kompleksi davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida quriladi.
Fuqarolar yig`inlariga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ijtimoiy dasturlar, shu jumladan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi, “Hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi”, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi asosida imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Qaror bilan, shuningdek, komplekslarni qurish uchun davlat-xususiy sheriklikning asosiy shartlari belgilandi.
Komplekslarni qurish uchun er uchastkalarini tanlab olish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan vazirlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
2020 yil 1 iyulga qadar Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar markazlarida “Mahalla markazi” majmualari binolarini qurish (rekonstruksiya qilish, ta`mirlash) ishlari yakunlanadi.
Qaror bilan Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligining tashkiliy tuzilmasi, 99 shtat birligidan iborat markaziy apparatining tuzilmasi, shuningdek hududiy boshqarma va bo`limlarining namunaviy tuzilmasi tasdiqlandi.






