AsosiyJamiyat

Davlat bojxona qo`mitasidan amaldagi tartibni bekor qilish talab qilinmoqda

'Davlat bojxona qo`mitasidan amaldagi tartibni bekor qilish talab qilinmoqda'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurash va sud-huquq masalalari qo`mitasi tomonidan Davlat bojxona qo`mitasining korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi faoliyati yuzasidan qo`mita raisi M.Azimovning axboroti eshitildi.

Eshituvda deputatlar qo`mita raisidan bir qator masalalarni hal etish talabini qo`ydilar. Jumladan, 2016 yil 20 yanvarda Bojxona kodeksi qabul qilingan bo`lsa-da, bugungi kunga qadar sohada qonunosti hujjatlar ko`pligi sababli bunday hujjatlarni kamaytirish masalasi qo`yildi.

Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan 2000 yil 11 mayda 925-son bilan ro`yxatdan o`tkazilgan “Tovarlar va transport vositalarini belgilangan joylardan tashqarida va bojxona organlarining belgilangan ish vaqtidan tashqari vaqtda bojxona rasmiylashtiruvidan o`tkazganlik uchun bojxona yig`imlarini undirish tartibi” tadbirkorlarga qiyinchilik tug`dirish bilan birga, unda korrupion illatlar mavjudligi ta`kidlandi.

Ushbu tartibda belgilangan joydan tashqarida bojxona rasmiylashtiruvidan o`tkazganlik uchun har bir xodimning ish vaqti uchun “Evro” valyutasida hisob-kitob amalga oshirilishini qanday tushunish mumkin, degan asosli savol qo`yildi. Tartibda belgilangan joyga bojxona xodimining etib borishi uchun sarflanadigan vaqt ham hisobga olinmagan va natijada amaliyotda qaerdadir xisoblayapti, qaerdadir esa yo`q.

Eshituv yakunida Bojxona qo`mitasi raisidan ushbu tartibni ham bekor qilish yoki o`zgartirish talab qilindi.

    Boshqa yangiliklar