O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan 2020 yilning 11 fevral kuni olingan rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, Xitoy Xalq Respublikasida jami 44730 nafar, dunyo bo`yicha 45169 nafar fuqarolar koronavirus infeksiyasi bilan kasallanib, kunlik o`sish 4,7 foizni (2022 nafar) tashkil etdi. Kasallanganlarning 1114 nafari ushbu kasallikdan vafot etgan. Kasallik Xitoy Xalq Respublikasidan tashqari dunyoning 25ta davlatda 439 nafar fuqaroda qayd etilgan.
Sanitariya–epidemiologik osoyishtalik agentligi virusologiya laboratoriyasida 12 fevral kunigacha 834ta namuna koronavirus infeksiyasiga tekshirilib, ushbu namunalarda koronavirus infeksiyasi topilmadi.
I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga joriy yilning 11 fevral kuni xorijiy davlatlardan 30ta samolyot qabul qilinib, 3873 nafar fuqarolar, “O`zbekiston temir yo`llari” AJ markaziy sanitariya-epidemiologiya xizmatiga qarashli 6ta sanitariya-karantin punktidan 5ta poezdda jami 1121 nafar fuqarolar, Davlat chegara kesishish punktlaridagi sanitariya-karantin punktlar orqali 45252 nafar fuqarolar termometriyadan o`tkazildi.
O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining koronavirusga qarshi markaziy shtabi shuni ma`lum qiladiki, joriy yilning 12 fevral holatiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasida koronavirus kasalligi qayd etilmadi.
Mamalkatimiz aholisi o`rtasida koronavirus infeksiyasi bo`yicha epidemiologik barqarorlikni ta`minlashga yo`naltirilgan barcha profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan xalqaro tibbiy sanitariya qoidalar talablari asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirlarda mutasaddi vazirliklar, idoralar va keng jamoatchilik faol ishtirok etmoqda.
Bu kasallikni Respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi tomonidan nazoratga olingan, deya ma`lum qildi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish shtabi.






