AsosiyJamiyat

Majburiy tibbiy sug`urtani joriy etishda JSST bilan hamkorlik qilinadi

'Majburiy tibbiy sug`urtani joriy etishda JSST bilan hamkorlik qilinadi'ning rasmi

JSST Evropa mintaqaiy buyurosi direktori Xans Klyugening mamlakatimizga tashrifi samarali kechdi. U yurtimizda sog`liqni saqlash sohasidagi islohotlar, jumladan, majburiy tibbiy sug`urta tizimini joriy qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini e`tirof etdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.

Shu o`rinda qayd etish joizki, joriy yil 24 yanvarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis palatalariga navbatdagi Murojaatnomasida ham Sog`liqni saqlash sohasiga alohida to`xtalib, jumladan, tizimni moliyalashtirishni tubdan isloh qilish maqsadida majburiy tibbiy sug`urtaga oid qonunlarni qabul qilish va uni amalga oshirish bo`yicha barcha tashkiliy choralar ishlab chiqilib, ushbu tizim joriy yilda Sirdaryo viloyatida tajriba sifatida boshlanishi aytib o`tilgan edi.

Shundan kelib chiqqan holda, JSSTning Evropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge o`zaro muloqotlarda Sirdaryo viloyatida Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ekspertlari ko`magida tibbiy xizmatlarning yangi modellari bo`yicha qo`shma pilot loyihasi boshlanganligini ta`kidlab, uni joriy etishda JSST dunyo tajribasidan kelib chiqib, har tomonlama amaliy ko`mak berishga tayyor ekanini bildirdi. Ushbu amaliyot butun mamlakatimiz bo`ylab bosqichma-bosqich tatbiq etiladi.

Umuman olganda, nafaqat majburiy tibbiy sug`urtani joriy etish, balki tibbiyot sohasini moliyalashtirishni takomillashtirish, zamonaviy boshqaruv tizimi va hududlarda sog`liqni saqlashni tashkil etishning “klaster” modelini shakllantirish, sog`liqni saqlashni raqamlashtirish, yuqumli bo`lmagan kasalliklar profilaktikasini yanada kuchaytirish borasida ham O`zbekiston sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va JSST Evropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge tizimli ravishda hamkorlik qilishga kelishib oldi.

 

    Boshqa yangiliklar