Hozirda Samarqand, Buxoro, Xiva kabi ko`xna shaharlarimizga kelayotgan sayyohlar oqimi yildan-yilga ortib bormoqda. Ammo bu shaharlarda oson daromad topish ilinjida o`zini gadoy qilib ko`rsatib, ishlayotganlardan ham ko`p pul topayotgan kimsalar o`tgan-ketganning yo`lini to`sib bu shaharlar husniga soya solmoqda. Yurtimizda tilanchilik qiluvchilarga nisbatan chora ko`rish tartibi belgilangan.
Shu munosabat bilan Buxoro shahrining diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalar, markaziy ko`chalar, bozorlar hamda aholi gavjum joylarda daydi tilanchilar, qo`lida yosh bolasi bilan sadaqa so`rab yurgan ayollarni aniqlash va chora ko`rish maqsadida viloyat IIB PPX bataloni xodimlari tomonidan bir qator choralar amalga oshirildi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Jumladan, PPX bataloni tasarrufidagi 80 212 VSF davlat raqamli avtobus va 80 338 VSF davlat raqamli “Damas” avtomashinasida jami 8 nafar, shuningdek, piyoda va avtopatrullik yo`nalishlarida xizmat olib borayotgan barcha xodimlar tomonidan doimiy ravishda Buxoro shahri hududida sanitariya-gigiena qoidalariga rioya qilmasdan, chiqindi yig`ish bilan shug`ullanib, chiqindilarni mo`ljallanmagan hududlarda saralash va chetga olib chiqish bilan shug`ullanadigan shaxslar, mahalliy va boshqa hududlardan kelib tilanchilik bilan shug`ullanuvchi shaxslar aniqlandi.
2020 yilning o`tgan davri mobaynida Buxoro shahar hududida o`tkazilgan reydlar davomida 118 nafar daydi-tilanchilar hamda turli xil chiqindilarni yig`ish bilan shug`ullanuvchi shaxslar (32 ta aravalar) to`xtatilib, Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 1,2,3 va 4-sonli IIBlarga olib borib topshirildi. Ular bilan Buxoro shahar markazidagi diqqatga sazovor joylar, tarixiy obidalar, markaziy ko`cha chorraxalari, bozorlar, axoli gavjum joylarda maqsadsiz yurishlari va tilanchilik bilan shug`ullanmasliklari to`g`risida tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuni alohida ta`kidlash lozimki, Ichki ishlar bo`limlariga olib kelingan tilanchilik bilan shug`ullanuvchilarning ko`pchiligini voyaga etmagan lo`li millatiga mansub shaxslar tashkil etadi. Ularning ijtimoiy ahvolini inobatga olgan holda ko`pchiligi ma`muriy javobgarlikka tortish oldidan rasman ogohlantirildi. Ana shunday ogohlantirishga amal qilmagan 14 nafar tilanchilik bilan shug`ullangan shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi MJtKning 188prim 3-moddasiga asosan hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, Buxoro shahar B.Naqshband ko`chasida joylashgan “Korzinka” savdo majmuasi chorrahasidan eski “Dilkusho” bozori chorrahasigacha bo`lgan hududda va “Sherbudin” to`yxonasi chorrahasida alohida patrullik yo`nalishlari tashkil etilib, ular tomonidan shu kabi holatlarni aniqlash bo`yicha doimiy reydlar o`tkazib kelinmoqda.
2020 yil 12 fevral kuni “Telegram” ijtimoiy tarmog`idagi “Potrebitel Buxara plyus” kanalida e`lon qilingan holat PPX bataloni va Buxoro shahar IIO FMB 2-son IIB xodimlari tomonidan o`rganib chiqildi. Fotosuratdagi voyaga etmagan tilanchilar IIBga olib kelinib, tushuntirish-ogohlantirish ishlari olib borildi.






