AsosiyJamiyat

O`zbekistondagi tuzumni ag`darishga harakat qilgan “DEO mahbuslari” yuristi qamoqdan ozod etildi

'O`zbekistondagi tuzumni ag`darishga harakat qilgan “DEO mahbuslari” yuristi qamoqdan ozod etildi'ning rasmi

Ularni “Shayxali qamoqxonasi” nomi bilan tanilgan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida joylashgan jazoni ijro etish muassasasida “DEO mahbuslari” deb atashardi.

DEO – bu diniy ekstremistik oqim... Bu shunday oqimki, dilida dinga e`tiqodi bor ko`plab kishilar, ayniqsa, yoshlarni o`ziga rom etib, ularning umr yo`llarini adog`i yo`q qorong`ulik sari burib yubordi.

Asl maqsadi davlat, hokimiyat bo`lgan kimsalarning dinni niqob qilib olib, zimdan olib borgan ta`siriga minglab yurtdoshlarimiz tushgani sir emas. O`zbekistonning konstitusiyaviy tuzumini ag`darishga qaratilgan harakatlar sodir etilganida va undan so`ng esa bunda ishtirok etgan ko`pchilik huquq-tartibot organlari tomonidan qo`lga olingan va sud hukmi bilan uzoq yillarga ozodlikdan mahrum etilgan.

Shunday shaxslardan biri oliy ma`lumotli yurist ekani meni biroz taajjublantirdi.

Ko`pincha hali oq-qorani tanimagan, bilimi etarli bo`lmagan yoshlarning adashganini eshitardik. Bu safar esa...

Asli farg`onalik bo`lgan Rustam esa Toshkent davlat yuridik universitetida o`qib yurgan kezlaridayoq diniy estremistik oqimning O`zbekistondagi yacheykalaridan biriga qo`shilgandi.

— O`sha paytlar dinga juda berilgandim, masjidlarga ham borib turardim, – deydi u. – Bir vaqtning o`zida menga alohida mehr bilan dinni targ`ib qilayotgan boshqa bir odam bilan tanishdim. Uning oqimiga oid videolar juda ta`sirli edi. Ikkinchi yo`lni tanladim. Bir necha do`stlarimni ham bundan xabardor qilib bordim. Biz internet orqali aloqa o`rnatib, faol muloqot qilardik. Bizni boshqarayotgan shaxs o`sha paytda o`zining Rossiyada ekanini aytardi.

Bu muloqotlar bora-bora 20-25 yoshlardagi yigitlarni yurtni tark etishga, Alloh yo`lida kurashga chorlay boshladi. “Sirli yozishma”lar esa xavfsizlik xizmatining e`tiboriga tushib bo`lgandi. Rustam bilan yana to`rt yigit bir vaqtning o`zida hibsga olindi.

Mavjud tuzumni yo`q qilish, o`rniga yangi tuzum barpo etish fikrining o`zi “konstitusiyaviy tuzumga tajovuz qilish”, deb baholanadi. Bunday jinoyatlar esa og`ir jinoyatlar sirasiga kiradi. Shu tariqa qo`lga olingan yigitlar o`n yildan ziyodroq muddatlarga qamalgan.

- O`zingizni aybsiz edim, deya olasizmi?

- Yo`q, albatta. Men o`sha paytda xato yo`lni tanlaganman.

Rustam oilada yolg`iz o`g`il edi. Buning ustiga u otasiz ulg`aygandi. Uning tarbiyasidagi kemtiklik voyaga etganida ham, hatto oliy ma`lumot olayotganida ham to`lmagani uning adashishiga sabab bo`lgandir, balki... Qolaversa, u o`qishni tugatganidan so`ng ikki yillab ishga kira olmagan. Mana shu holat ham uning tushukunligiga, boshqa suyanch sari kuchliroq intilishiga sabab bo`lgan, menimcha.

Prezidentimizning shu yil 4 fevraldagi “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o`tayotgan, qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan bir guruh shaxslarni afv etish to`g`risida”gi farmoni bilan Rustam ham afv etildi.

Qamoqdagi kunlarini yodga olar ekan, bizni “DEO mahbuslari”, deb atashar va bizga alohida saboqlar o`tilar edi, deydi u. Ana shu saboqlar jarayonida dinning asl mohiyatini tushundik.

To`qqiz yillik tazarru bir yigitni xatodan to`g`ri xulosa chiqarish, yolg`izgina onasining qadriga etish, mehnat qilib, hayotni to`g`ri yo`lga qo`yish sabog`ini ham o`rgatdi.

Uning endigi maqsadi ishlash, halol yashash. Faqat u hali ish topganicha yo`q. 

    Boshqa yangiliklar