AsosiyJamiyat

Jizzaxda g`alla o`g`rilari ushlandi

'Jizzaxda g`alla o`g`rilari ushlandi'ning rasmi

 

Zarbdor tumanidagi 9-sonli o`rta umumta`lim maktabida bug`doy o`g`irlashga uringan 4 nafar shaxsning qilmishlari ma`muriy sud tomonidan ko`rib chiqildi. Zarbdor tumanining Lalmikor, Zomin tumanining Nurlikent mahallalari ahli ishtirokida bo`lib o`tgan sud majlisi avvalida sodir etilgan qonunbuzarlik haqida atroflicha ma`lumot berildi.

Bildirilishicha, shu yilning 31 yanvarida tungi xizmatni o`tayotgan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi transportda xavfsizlikni ta`minlash bo`limi xodimlari kechasi soat 4.40 da Zarbdor tumani temir yo`l bekatida turgan vagonning ostki lyukini ochib, bug`doy o`g`irlayotgan fuqarolarni ushlaydilar.

Qonunbuzarlik Zomin tumanining Nurlikent mahallasida yashovchilar: 1987 yilda tug`ilgan B.N., 1990 yilda tug`ilgan A.Sh., 1986 yilda tug`ilgan O. A. hamda Zarbdor tumanining Lalmikor mahallasida yashovchi, 1989 yilda tug`ilgan J.Sh.lar tomonidan sodir etilgani aniqlandi. E`tiborlisi, B.N., A.Sh. va J.Sh.lar muqaddam o`g`rilik qilganliklari uchun sudlanishgan.

Zarbdor tumani ma`muriy sudi ushbu shaxslarning qilmishlarini atroflicha o`rganib, B.N., J.Sh. hamda O.A.larga bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari miqdorida jarima tayinladi. A.Sh. esa 15 sutkalik ma`muriy qamoq jazosini o`taydi.

Shundan so`ng mazkur qonunbuzarlik muhokama etildi. Tadbirda temir yo`llarda talon-tarojga yo`l qo`ymaslik, harakat xavfsizligi qoidalariga amal qilish, poezd vagonlariga zarar etkazilishining oldini olish yuzasidan fikrlar bildirildi. Bu jarayonda viloyatdagi temir yo`llarda kuzatilgan bir qator huquqbuzarlik va jinoyatlar hamda baxtsiz hodisalarning tafsilotlari keltirib o`tildi. Shuningdek, temir yo`llar tevaragida chorva mollari boqmaslik, atrof-muhit tozaligini saqlash kabi masalalarga e`tibor qaratildi, deyiladi Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati xabarida 

 

 

 

    Boshqa yangiliklar