«2017–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma`rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.
Loyihadan propiska tizimini isloh qilish masalasi ham o`rin olgan. Unga ko`ra, 2020 yil 1 aprelga qadar Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi ishlab chiqiladi.
Loyihalarda:
- 2020 yil 1 apreldan boshlab O`zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko`chmas mulkka ega bo`lishda doimiy propiska mavjudligi haqidagi talabni bekor qilish;
- O`zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega bo`lgan jismoniy shaxslardan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yangi qurilgan ko`chmas mol-mulkni oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun undiriladigan davlat bojining alohida stavkasini bekor qilish;
- ilg`or xorijiy tajribani o`rgangan holda, asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish o`rinlari yaratilayotgan hududlar o`rtasida tafovutni bartaraf etish va ichki migrasiyani erkinlashtirish nuqtai nazaridan, propiska tizimini isloh qilish nazarda tutiladi.
Qayd etish lozimki, 2020 yil Davlat dasturi loyihasi 320 ta banddan iborat bo`lib, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida aks etgan asosiy g`oya va takliflari hamda 2017–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy vazifalar asosida ishlab chiqildi. Uning doirasida jami qiymati 17,5 trln so`m va $ 9,6 mlrdga teng loyihalarni amalga oshirish ko`zda tutilgan.
Jamoatchilik muhokamalarida fuqarolar, xalqaro ekspertlar, tegishli vazirlik va idora mutaxassislari, biznes doira hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari turli davra suhbatlari, munozaralar, ochiq muloqotlar o`tkazish orqali qamrab olinadi.
Keng jamoatchilik vakillari, mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida bo`lib o`tishi kutilayotgan muhokamalar davomida kelib tushgan barcha fikr-mulohaza va takliflar natijasida Davlat dasturi loyihasi yanada takomillashtiriladi.






