Tramp ma`muriyatining tashqi siyosatini har kuni dunyo ahliga tushuntirish bilan band Morgan Ortagus yaqinda rahbari — Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan Qozog`iston va O`zbekistonda bo`ldi.
Ortagus xonim bu tashrif Vashington uchun qanday ahamiyatga ega ekani haqida so`zladi va qator savollarga javob berdi.
Navbahor Imomova: — Markaziy Osiyoga borib keldingiz. Mintaqaga birinchi marta bordingiz shundaymi?
Morgan Ortagus: — Ha, men uchun sharaf u joylarga tashrif buyurish. Vashingtonga 13-14 yil oldin ko`chib kelganimda, bu erda birinchi borgan elchixonam O`zbekistonniki bo`lgan. Ziyofatga borganman va juda qiziqib qolganman. Tashqi siyosatga ham qiziqishim kuchayib ketdi shundan keyin.
— Safardan oldin Markaziy Osiyo haqida qanchalik bilar edingiz?
— Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan dunyo kezar ekanmiz, bu mintaqani ham ko`rdik. Bilimim boyib borayapti. Ajoyib intellektual sinov bu. Markaziy Osiyo Tramp ma`muriyati nazarida nihoyatda muhim region. “C5+1” formatidagi muloqot ham kuchayib borayotganini ko`rsatdik. Davlatlarning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi mustahkamlanaverishi kerak deb hisoblaymiz. Amerika Markaziy Osiyodagi har bir mamlakat bilan yaqindan ishlaydi. Davlat kotibi Pompeo har doim bir narsani uqtiradi: borish kerak, ko`rish kerak.
— AQSh bosh diplomati 2015 yildan beri dunyoning bu qismiga bormagan edi. Hozir o`zingiz aytdingiz, borish kerak va ko`rish kerak, deb. Bu aslida nimani anglatadi?
— Jiddiy sabablar bilan bordik u erga. Masalan, O`zbekiston Prezidenti boshlagan islohotlarni muhokama qilish. Biz bu jarayonlarni quvvatlaymiz. Amerika bizneslari va sarmoyasi uchun sharoit yaxshilanib, imkoniyatlar ochilishini xohlaymiz. Ikkinchisi, diniy erkinlik targ`iboti. Davlat kotibi Mayk Pompeo uchun juda muhim masala.
Yana bir dolzarb omil — O`zbekiston terrorizmga qarshi kurashda bizning hamkorimiz. Amerika matbuoti Afg`onistondagi urushni yoritish bilangina cheklanadi, lekin aslida bizning u erdagi missiyamizda O`zbekiston bizga yordam berib kelmoqda.
— Qozog`iston va O`zbekiston rahbarlari bilan muloqotda eshitgan gaplaringizdan qay biri Vashingtonda alohida muhokama qilishga molik deb o`yladingiz?
— Shaxsiy muloqotlar tafsilotini bo`lisholmayman, lekin Davlat kotibi Pompeo mintaqaga nisbatan yangi strategiyamizga jiddiy qarab, Janubiy va Markaziy Osiyo bo`yicha muovini Elis Uells bilan bu borada ancha gaplashib oldi. Terrorizmga qarshi kurash — birlamchi masala. Ikkinchisi — Markaziy Osiyo davlatlari bilishi kerakki, biz ularga do`stmiz, sherikmiz va hamkorlikni qadrlaymiz.
Rossiya, Xitoy va boshqa geosiyosiy raqiblarimiz mintaqada o`z ta`sirni kuchaytirar ekan, Markaziy Osiyoga Amerika ham o`z qadriyatlarini eslatib turadi.
O`zbekiston va mintaqadagi boshqa jamiyatlarga aytamizki, biz diniy erkinlik, hamjihatlik va tolerantlik tarafdorimiz. Biz adolatli biznes tarafdorimiz. Oshkoralik va javobgarlik biz uchun muhim. Suverenitet, milliy o`zlik, mustaqillik biz uchun muhim va biz sizga bu borada ko`maklashamiz.
Muloqotlarda energetika haqida ham alohida to`xtaldik. Ukraina va Belarusda ham bu borada gaplashdik. Amerika — energetik ta`minotchi. Biz bu sohada ham yordamga tayyormiz.
— Bu aytayotganlaringiz haqida oldin ham eshitganmiz — oldingi prezidentlar paytida, oldingi diplomatlardan, shu erda. Amerikada saylov yili. Bir necha oydan keyin Pompeo bu erda o`tirmasligi mumkin. Tramp ma`muriyati strategiyani nega shu paytda yangilamoqda? Nimasi bilan muhim bu?
— Qo`shma Shtatlar – barqaror demokratiya. Har ikki yilda, har to`rt yilda saylov. Lavozimlardagi odamlar o`zgarib turadi. To`g`ri, biz ham ketishimiz mumkin. Biroq Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatimiz partiya tanlamaydi. Qadriyatlarimiz ham partiya tanlamaydi. Strategiya asosi o`zgarmaydi. Suverenitet, mustaqillik, manfaatlar – bular o`zgarmas.
Davlat kotibi besh yilda birinchi marta bordi, dedingiz. Bu orada Xitoyning roli kuchaydi. Nafaqat savdo va biznes bobida, balki musulmonlarga, ozchilikdagi elatlarga bosimni oshirdi. Bu bosim Markaziy Osiyoga ham ta`sir qiladi. Shu bois biz borib, aytamiz, biz shu erdamiz. Qadriyatlarimiz, sadoqatimiz, me`yor va tajribamiz — barchasi Markaziy Osiyo xalqlari xohishi bilan hamohang. Xitoy tekinga yoki arzonga nima taklif qilishidan qat`i nazar, biz bilan tenglasha olmaydi.
— Qozog`istonda va O`zbekistonda birdek so`ralgan narsa: Prezident Tramp mintaqaga keladimi? Shu paytgacha Amerikaning biror prezidenti Markaziy Osiyoga qadam qo`ymagan.
— Men buni Davlat kotibi Pompeo va Prezident Trampga albatta eslatib, aytib qo`yaman. Prezident bu yil endi ko`proq mamlakatda bo`ladi, chunki saylov yili va kampaniya qizg`in tusga kirmoqda.
— Toshkentga etib borishingiz bilanoq ulamolar va diniy faollar bilan uchrashdingiz. Media bilan emas, fuqaro jamiyati a`zolari yoki odatdagidek, inson huquqlari himoyachilari bilan emas, taqvodorlar bilan. Nega?
— Bu biz uchun nihoyatda muhim. Davlat kotibi Pompeo uchun e`tiqod erkinligi targ`iboti ustuvor vazifalardan. Biz ikki bor bu mavzuga bag`ishlab, vazirlar darajasida katta anjumanlar o`tkazdik. Pompeo qay yurtga bormasin, diniy erkinlikka urg`u beradi. O`zbekistonda ham shunday qildik. Hamjihatlik, tolerantlik...
— Suhbat uchun katta rahmat!






