AsosiyJamiyat

Rasul Kusherbaev: “Uy-joyingizni "osmondan tushgan zo`ravon" ning xohishi bilan buzmang!”

'Rasul Kusherbaev: “Uy-joyingizni "osmondan tushgan zo`ravon" ning xohishi bilan buzmang!”'ning rasmi

Kuni kecha, “snos” epidemiyasining ikkinchi to`lqini boshlanayotgani haqida munosabat bildirgan O`zLiDeP partiyasi vakili Rasul Kusherbaev fuqarolar nafaqat bilishi, balki talab qilishi shart bo`lgan huquqlari xususida so`z yuritdi:

“Agar siz qaysidir hokimlik yoki boshqa ma`muriy organning qaroriga asosan uy joy, imorat, bino qurish uchun er olgan bo`lsangiz-u, lekin keyinchalik bu er kimlardir tomonidan noqonuniy, o`zboshimcha egallab olingan, deb buzish  talab qilinsa, buzmang. 

Chunki, qonun sizning ishonchingizni himoya qiladi. Ko`pincha hokim ketib o`rniga yangi hokim kelsa shunday bo`ladi. 

“Ma`muriy tartib-taomillar to`g`risida”gi Qonunning 59-moddasida “Agar manfaatdor shaxs (bu o`rinda fuqaro. Muallif tahriri) ma`muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonib, ma`muriy hujjat asosida olingan mol-mulkdan foydalangan, o`z mulkini tasarruf etish uchun bitim tuzgan yoki ma`muriy hujjatda belgilangan naf va imtiyozlardan boshqacha tarzda foydalangan bo`lsa, uning ishonchi himoya qilinishi lozim” deb belgilab qo`yilgan. 

Shuningdek, ushbu qonunning 16-moddasida “Vijdonan harakat qiluvchi manfaatdor shaxslarning ma`muriy hujjatga bo`lgan ishonchi qonun bilan qo`riqlanadi”, deya kafolatlangan. 

Qonunning ushbu talablaridan kelib chiqsak, sizning manfaatingiz uchun xizmat qiladigan bunday hujjatlar qaysidir "osmondan tushgan zo`ravon" ning xohishiga ko`ra bekor qilinishi mumkin emas. 

Bu tartib er olib halol va vijdonan dehqonchilik qilayotgan fermer va dehqonlarimizning erlarini "zo`ravonlik" bilan olib qo`yish bo`yicha qarorlar qabul qilinishiga ham tegishli. Bunday qarorlar qabul qilinishi mumkinmas. Xatto hukumat tomonidan ham.

Fuqarolar, siz talab qiling!

Mas`ullar, siz qonunni hurmat qiling!” — fuqarolarni ana shu qonuniy huquqlarini talab qilishga chaqirmoqda deputat.

    Boshqa yangiliklar