“Ikki avlod” sahifasiga jurnalist sifatida loyihada ishtirok etayotgan olib O`zbekiston xalq artisti Lutfulla Sa`dullaevning taklifi bilan “Bojalar” guruhi solisti Jahongir Poziljonovni taklif qildik. Lutfulla Sa`dullaevning fikricha bu intervyu shu paytgacha bo`lgan suhbatlar orasida eng dangali bo`ldi.
Lutfulla Sa`dullaev, O`zbekiston xalq artisti:
— “Bojalar”ning qo`shiqlari meni hayotga qaytargan desam mubolag`a bo`lmaydi. Bundan bir necha yil ilgari og`ir jarrohlik operasiyasini boshdan o`tkazganimda “Bojalar”ning “Janona”, “Mani moshinam” nomli qo`shiqlarini eshitib yotardim. Bu qo`shiqlar menga yod bo`lib ketgan. Bugun Jahongirdan so`ramoqchi bo`lgan savollarim, san`atiga nisbatan fikrlarim juda ko`p. Demak, boshladik!
Lutfulla Sa`dullaev: Avvallari “Bojalar” guruhining muxlisi edim. Hatto Hindistonda og`ir jarrohlik operasiyasini boshdan o`tkazganimda ham faqat sizlarning qo`shig`ingizni eshitganman. Lekin o`tgan yillarda “Bojalar”ning ijodi umuman o`zgarib ketdi. Avvalgidek qo`shiqlar yo`q.
Jahongir Poziljonov: To`g`ri, bugungi qo`shiqlarim avvalgilardan butkul farq qiladi. Hozir asosiy e`tiborni quvnoq, tinglovchiga kayfiyat ulashadigan qo`shiqlarga qaratganmiz. Chunki tinglovchilarning talabi shunday bo`lib qolgan.
L.S.: Lekin qo`shiqlaringda e`tibor mazmunga emas balki ritmga qaratilgan. Buni ham yoshlarning talabi dersan, lekin sen san`atkorsan. Hadeb talabning ortidan quvishing qanchalik to`g`ri.
J.P.: Siz aytayotgan fikrda jon bor. Hatto ko`pchilik tinglovchilar yonimga kelib, aytayotgan qo`shig`ingizda nima deyotganingizni o`zingiz tushunasizmi deyishadi. Tan olaman, men aytayotgan qo`shiqni ko`pchilik tushunmaydi. Lekin siz aytgandek qo`shiqning ritmi, ohangi uchun eshitadiganlar ko`p. Yaqinda bir odam bilan gaplashib qoldim. Seni qancha tanqid qilishmasin, qo`shig`ingda ma`no yo`q deyishmasin baribir odamlar eshitadi. Tinglovchi ham o`ziga nima kerakligini yaxshi biladi. Odamga tinglayotgan qo`shig`iga qarab baho berish noto`g`ri degan fikrni aytdi. Balki noto`g`ri yo`ldan ketayotgandirman. Agar kun kelib odamlar meni butkul rad etib, esdan chiqarish darajasiga etib kelsam, yo`nalishimni o`zgartirarman.
L.S.: Ota-ona, xiyonat haqidagi qo`shiqlaringni boshi bor-u, oxiri yo`qdek. Bu shunchaki jiddiy mavzuda ham kuylay olaman deganingmi?
J.P.: Bilmadim, besh barmog`imiz barobar bo`lmagani kabi fikrlarimiz ham bir xil emas. Ota-ona haqidagi qo`shig`imizga kelsak aynan shu qo`shiq mavzu o`zimning hayotidan olingan. Bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Bolaligimda mahallamizdagi novvoyxonadan non o`g`irlab chiqqanman. Aslida qilayotgan ishim og`irlik ekaniga ham aqlim etmagan. Buni esa mahalla oqsoqoli ko`rib qolib, dadamning yonlariga olib borgan. O`shanda dadamdan egan tarsakim hayotimni butkul o`zgarib yubordi. Yaxshi bilan yomonni, gunoh bilan savobning farqiga boradigan bo`ldim. Qo`limdan ish kelib, otamga suyanchiq bo`ladigan, duolaridan oladigan vaqtimda otam olamdan o`tib ketdilar. Ota-ona bir umr halol mehnat bilan farzandlarini oq yuvib oq tararkan-u, endigina rohatini ko`raman deganda... Men qo`shiqda ayni shularni tasvirlamoqchi bo`lganman. Chunki bu nafaqat meni balki qanchadan qancha tinglovchilarning yuragidagi armon.
L.S.: Hozir gaplaringni eshita turib o`zim bir vaqtlar otamdan egan tarsakim esimga tushdi. O`zing farzandlaringga qanday otasan. Darvoqe, sen ham shou biznesdagi serfarzand otalardansan. Ularning tarbiyasiga qanchalik vaqt ajrata olasan?
J.P.: (kulib) Farzandlarim 4 nafar bo`lishgan. To`g`risini aytsam ularning tarbiyasi bilan asosan keliningiz shug`ullanadi. Bo`sh vaqtimni albatta ular bilan o`tkazishga harakat qilaman. Katta qizim Rayhon hozirdanoq san`at yo`lidan ketishni niyat qilgan. Boshida bunga qarshilik qildim. San`atkorlik qiyin kasb, qiynaladi dedim-u keyin o`ylab qoldim. Qaysi kasb oson axir? Hamma sohaning ham o`ziga yarasha qiyinchiligi, mashaqqatlari bor. To`g`risi qo`shiq aytish, san`atga bo`lgan qiziqish shunchaki xavas deb bunga unchalik jiddiy e`tibor bermasdim. O`tgan yili tug`ilgan kunimda qizim qo`limga disk tutqazdi. Mashinamga chiqib eshitib ko`rsam “Moy papa xoroshiy” degan qo`shiq kuylabdi. Qizimning ilk qo`shig`ini eshityapman-u yuragim xapqirib ketyapti. Shu qo`shiqdan keyin qiziqishlariga qarshi chiqmadim. Hatto birga duet kuylash taklifini berdim. Lekin rozi bo`lmadi. “Hali ko`rasiz, men o`zim “yulduz” bo`laman. Meni Jahongir Poziljonovning qizi deyishlari kerakmas” deb aytdi. To`g`risi shu gapidan ham xursand bo`ldim. O`g`illarim esa san`atkor bo`lishmasa kerak. Ikkisi ham sportga qiziqadi. Men ularni futbolchi bo`lishini istardim. Ko`ramiz, qaysi bir qaysi sohadan ketishini vaqt ko`rsatadi. Eng muhimi menga doim rahmat eshittiradigan farzandlar bo`lishsin.
L.S.: Bir kuni yonimga o`g`lim kelib “dada to`ylarda qo`shiq aytayotgan ekansiz, to`yga chiqishingiz shartmi, tanishlarim gapiryapti” deb qoldi. “O`g`lim men shuncha yil san`atimni ortidan sizlarni katta qildim, ro`zg`or tebratdim. Axir bularning hammasi shu san`atim evaziga bo`lgan-ku” dedim. O`sha-o`sha o`g`lim gapirmaydigan, aksincha tanish-bilishlarining to`yiga borib bering deydigan bo`ldi. Aytmoqchi bo`lganim kun kelib “dada falon rolingiz menga yoqmadi” desa sen qanday holatga tushasan!
J.P.: (o`ylanib) Javobim bitta. Yoqmasa familiyangni o`zgartir o`g`lim deyman. Tushunaman, farzandlar yoshligiga borib otasiga ko`p gaplarni nojo`ya gapirib qo`yishadi. Bunday holat o`zimning ham boshimdan o`tgan. O`zingizga ma`lum dadam butun umr oshpazlik qilganlar. Ovqatga kerakli mahsulotlarni ham bozordan o`zlari olib kelardilar. Bir kuni qo`llarida kartoshka piyoz olib kelayotgandilar. “Dada qo`lingizdagilarni menga bering, odamlar nima deydi, bolasi turib, otasi ko`tarib kelyapti deb aytmaydimi?” dedim. “Uyalyapsanmi? Uyalsang familiyangni o`zgartirib yuboraqol” deganlar. Mana shu gap butun umr yodimda qolgan.
L.S.: Kel filmlaring haqida gaplashaylik. Ochig`i sendan minnatdorman. “Amakivachchalr” nomli filmingni o`ynagan rolim meni yosh muxlislarimni qaytarib berdi. Hozir qaysi maktab yoki kollejga bormay bolalar shu rolimni eslatishadi. Film ancha tanqid qilingan bo`lsa-da, bu tanqidlardan to`g`ri xulosa chiqarmading. Filmlaring hali ham o`sha-o`sha.
J.P.: Tanqidga uchragan narsa shirin bo`ladi. (kulib) Bilasizmi men tanqiddan emas balki tanqid qilmasliklaridan qo`rqaman. Biroq vaqt gazeta jurnallarda men tanqid qilmay qo`yishsa, bularning esidan chiqib qolyapman shekilli deb yana tanqidga uchraydigan narsa yaratishga harakat qilaman.
L.S.: Hamkasblarimiz orasida tanqidni to`g`ri qabul qiladiganlar kam
J.P.: Boshqalarni bilmadim-u men tanqidlardan mazza qilaman. Aytganingizdek bir-ikkita san`atkorlar gazeta yoki internet saytlarida o`zi haqidagi tanqidlarga ko`zi tushsa, nega bunday yozishadi deb jahli chiqadi. “Kimgadir halal beryapsanki, odamlarning e`tiboringi tortyapsanki boshqalar qolib seni yomonlashyapti. Agar bilsang chet elda jurnalistlarning yomonlab, tanqid qilib yozganiga alohida haq to`lanadi. Seni tekindan tekinga reklama qilyapti”deyman. Dadam aytardilar: biro ishni boshladingmi kimdir kelib nega bunday qilyapsan desa e`tibor berma, lekin qilayotgan ishingga hech kim fikr bildirmay, e`tibor bermasa o`sha ishni eg`ishtirib boshqa ish bilan shug`ullanaver. Bu gaplarni hayotimda juda ko`p qo`llayman.
L.S.: Seni 15-20 yildan keyin qanday bo`lishingni, qanday qo`shiq kuylashingniyu qanday rol o`ynashingni tasavvur qilolmayman. O`zingchi?
J.P.: Yaqinda bir to`yda boshingizga shlyapa kiyib, bo`yningizga sharf tashlab, qora ko`zoynak taqib Nuriddin Haydarovning qo`shiqlarini kuylayotganingizni ko`rib qoldim. Uzoq qarab turdim-u yonimdagilarga qarab, mana men dedim. Menimcha yoshim katta bo`lsam sizga o`xshasam kerak.
L.S.: Javobingdan xursand bo`ldim. Bilasanmi yillar hamma narsani o`zgartiradi. Tan olish kerak bugun “Bojalar”ning o`rnini boshqa guruhlar egallagan. Buning sababini nimada deb o`ylaysan?!
J.P.: Yongan olovning bir so`nishi bor. Bu men uchun musibat emas. Chunki “Bojalar” ham qachonlardir kimningdir o`rnini egallagan. San`atdagi bunday davr almashinuvini to`g`ri tushunaman. Aksincha bizning o`rnimizga chiqib kelayotgan guruhlar faoliyatini yaxshilab o`rganaman. Qo`shiqlariga hatto muxlisman. Misol uchun “Ummon” guruhini olib qaraylikyu Har bir qo`shig`i xit, tinglovchilarning tilida. Bu esa ularning muvaffaqiyatidan dalolat. Yaqinda Buxoro viloyatida konsert berdim. Konsert beradigan stadionga 600 ta odam to`planibdi. Bir kun avval esa huddi shu stadionda “Ummon” guruhi konsert bergan. Konsertga 20 mingta tomoshabin tashrif buyurgan. Men bundan faqat quvonaman. “Ummon” guruhi yigitlari bu muvaffayatlarga huddi biz kabi o`z kuchlari, mehnatlari bilan erishishdi. Yo ularni tanqid qilganlar kammidi?
L.S.: Kun kelib seni umuman unutishsachi?
J.P.: Bunga san`atga kirishdan avval tayyor bo`lganman. Men qiyinchilik ko`rgan, mehnatning yukini ko`targan yigitman. Kun kelib san`atdan ketish kerak bo`lsa ham hech ikkilanmay ketgan bo`lardim. O`z vaqtida oshpazlik ham qildik, biror zavodda ham bemalol ishlab keta olaman va bundan uyalmayman ham. Axir mehnatdan odam hech qachon o`lmagan-ku.
Jahongir Poziljonov, xonanda:
O`zbekiston xalq artisti Lutfulla Sa`dullaev bilan bo`lib o`tgan suhbat men uchun ancha jiddiy ruhda kechdi. Har holda ko`p jurnalistlarg aytolmaydigan gaplarimni ular bilan bo`lishdim. Ijodimga, o`ynayotgan rollarimga shunchaki befarqmasliklaridan quvondim.
Loyiha muallifi: Qamariddin ShAYXOV
Fotomuxbir: Bekzod Mirsodiqov





