Moskva metropolitenining rahbarlari ishga muntazam ravishda metroda qatnashlari kerak. Bu haqda, metropoliten rahbari Dmitriy Pegovga asoslanib, «TASS» xabar bermoqda.
Pegovning ma`lum qilishicha, u yaqinda o`zining barcha o`rinbosarlari va xizmat boshliqlari oddiy yo`lovchilar singari metroga tushib, ishga metroda qatnashlarini nazarda tutuvchi buyruqni imzolagan.
«Bo`linmada aynan nima bo`layotganini shaxsan borib ko`rish va aynan nimalarni yaxshilash yoki boshdan qilish kerakligini tushunib olish kerak», – dedi Pegov.
Pegovning qayd etishicha, uning o`zi ishga har kuni metroda qatnaydi.
«Men ishga metroda boraman, har kuni stansiyaga tushaman va qariyb 35 daqiqa vaqtni yo`lga sarflayman, hatto bir yo`nalishdan boshqa yo`nalishga ham o`taman», – dedi Moskva metrosi boshlig`i.
Pegovning tan olishicha, mashinist kabinasida ketish huquqidan u kamdan-kam foydalanadi, ko`pincha oddiy yo`lovchilar orasida ketishni ma`qul ko`radi.





