AsosiyShou-biznes

Toshkentda italyan operasi ijrochilari xalqaro tanlovi o`tkaziladi

Toshkentdagi «Turkiston» saroyida «Competizione dell’Opera» italyan operasi ijrochilari XIV xalqaro tanloviga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi, deb xabar bermoqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o`rinbosari Fotih Jalolov, Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Davlat akademik katta teatri direktori Baxtiyor Yoqubov Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy san`atimizni yanada ravnaq toptirish, erishilgan yutuqlarni jahonda keng targ`ib etish, bu boradagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi.

«Competizione dell’Opera» italyan operasi ijrochilari XIV xalqaro tanlovi 24−29 noyabr kunlari Toshkent shahrida o`tkaziladi. O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Avstriyadagi «Competizione dell’Opera» xalqaro tanlov uyushmasi, «O`zbekteatr» ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Davlat akademik katta teatri hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur tanlovda Osiyo, Evropa, Avstraliya, Afrika va Janubiy Amerika mamlakatlarining dastlabki bosqichlardan muvaffaqiyatli o`tgan yosh opera ijrochilari ishtirok etadi.

«Competizione dell’Opera» tanloviga 1996 yili Germaniyada asos solingan. Gamburg shahrining musiqa va teatr oliy maktabining o`sha davrdagi prezidenti, professor German Raue «Cestelli» birinchi opera tanlovini tashkil etgan. Mazkur tanlov shunisi bilan e`tiborliki, unda ishtirokchilar qadimdan XX asrgacha bo`lgan davrdagi opera asarlarini faqat italyan tilida ijro etadi. Tanlovda 20-30 yoshdagi opera ijrochilari qatnashishi mumkin. Ularning sahnadagi chiqishlarini dunyoning yirik opera teatri rahbarlari va mashhur opera ijrochilaridan iborat xalqaro hay`at a`zolari baholaydi.

Matbuot anjumanida ushbu xalqaro tanlovga ko`rilayotgan tayyorgarlik haqida atroflicha ma`lumot berildi. Jurnalistlarning savollariga batafsil javob qaytarildi.

    Boshqa yangiliklar