AsosiyJamiyat

Kasbilik fermer paxta hosildorligini 50 sentnerdan oshirgani uchun "Kaptiva"ni navbatsiz oldi

Kasbi tumanidagi "Xushnazarov Og`abek Akramovich" fermer xo`jaligi rahbari Akram Jabborov bu yil 30 gektar erda paxta etishtirib, 157 tonna hosil olgan. Shu bois O`zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomashinalardan birini navbatsiz xarid qilgan.

Fermerning aytishicha, o`tgan yili ham bu imtiyozga erishish uchun harakat qilgan, biroq, paxta hosili 35 sentnerni tashkil qilgan.

Tumanda Akram Jabborovdan tashqari, yana 12 nafar eng ilg`or fermer xo`jaligi rahbarlari ham "General Motors Uzbekistan" YoAJda ishlab chiqarilgan "Neksiya", "Lasetti", "Kobalt" va "Kaptiva" mashinalarini navbatsiz xarid qilishgan.

O`zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi tomonidan 2013 yil 26 sentyabrda tasdiqlangan “Paxta xomashyosini etishtirishda yuqori hosildorlikka erishgan fermer xo`jaliklarini rag`batlantirish tartibi to`g`risida”gi nizomga asosan, respublikamizda ishlab chiqarilgan engil avtotransport vositalarini pul o`tkazish yo`li bilan navbatsiz xarid qilish imkoniyati 20 gektardan ortiq maydonda 40 sentnerdan oshirib paxta etishtirgan fermer xo`jaliklariga beriladi.

Qashqadaryo viloyat fermerlar kengashidan olingan ma`lumotlarga qaraganda, bugungi kunga qadar viloyatda hosildorlikni gektariga 40 sentnerdan oshirgan 312 ta fermer xo`jaligi navbatsiz tegishli avtomobillardan xarid qilish imkoniga ega bo`lgan.

Manba: “Qashqadaryo” gazetasi

    Boshqa yangiliklar