Oil Price nashri atom elektr stansiyalari sunami tufayli xavfga moyil bo`lgan mamlakatlar ro`yxatini tuzdi. Ma`lumotlarga ko`ra, dunyoda yuqori risk hududlarida joylashgan 23 ta atom elektr stansiyalari va 74 ta reaktor mavjud. Bu haqda Vestifinance.ru xabar bermoqda, deb yozadi daryo.uz.
Ro`yxatning birinchi pog`onasidan Xitoy joy oldi. U erda ayni paytda 21 ta energiya bloki mavjud, yana 27 tasini qurish ishlari olib borilmoqda.
Oltita atom reaktorlariga ega bo`lgan Tayvan ham Yaponiya kabi tez-tez sodir bo`lib turuvchi sunami va zilzilalar tufayli yuqori xavf ostidagi davlat hisoblanadi.
Yaponiyada esa 7 ta AES va 19 ta reaktor joylashgan. Yana 48 ta reaktor ayni paytda qayta ishga tushirilish jarayonida turibdi.
Janubiy Koreya ham atom elektr stansiyalari yuqori xavf ostida bo`lgan mamlakatlar ro`yxatiga kirdi. U erda 23 ta reaktor faoliyat yuritadi.
Dunyodagi eng yirik atom energiyasi ishlab chiqaruvchisi — AQShdagi xavf darajasi ham o`ta yuqoridir. Mamlakatda 100 ga yaqin reaktor ishlaydi, yana 5 tasi qurilmoqda.
Hududidagi reaktorlardan faqat bittasi sunami xavfi ostida bo`lishiga qaramay, Pokiston ham ushbu ro`yxatga kiritildi. Mamlakatdagi yadro dasturining umumiy quvvati atigi 725 MVtni tashkil etadi, biroq hukumat ushbu ko`rsatkichni o`n baravar oshirmoqchi.
Hindistonda esa sunamidan zarar ko`rishi mumkin bo`lgan ikkita reaktor aniqlandi, bundan tashqari, ettita AESdan uchtasi sohil bo`yida joylashgan.
Ro`yxatga kiritilgan so`nggi davlat Eron bo`ldi. Ayni paytda u erda faqat bitta atom reaktori faoliyat ko`rsatadi, ikkinchisi esa qurilish jarayonida turibdi. Mamlakatda tez-tez sodir bo`ladigan zilzilalar ularni xavf ostiga qo`yadi.
Ta`kidlash joiz, atom energetikasi ayni paytda qiyin zamonlarni boshdan kechirmoqda, 2011 yilda sunami tufayli Fukusimadagi yadro reaktori vayron bo`lgach, ko`plab davlatlar atom energetikasi istiqboliga boshqacha qaray boshladi. Sunami kuchli zilzilani keltirib chiqardi, natijada 16 ming kishi halok bo`ldi. Biroq tezda tabiiy ofatga reaktorlarning sovib ketgani sabab bo`lgani yuzaga chiqdi.
Shundan so`ng Yaponiyada barcha reaktorlar ishi to`liq to`xtatildi. Asosiy atom energiyasi iste`molchisi bo`lgan Germaniya 17 ta reaktorlaridan 8 tasini yopib tashladi. Evropaning boshqa davlatlari ham o`z yadro dasturlarini keyinga qoldirdi.





