AsosiyJamiyat

OILADA NOGIRON BO`LSA...

Ularning yaqinlariga 8 maslahat

Noxushlik yuz berib, yaqinlaringizdan biri nogironga aylandi... Afsuski, bunday hodisadan hech kim sug`urtalanmagan. Ammo hayot davom etmoqda. Siz uchun ham, yaqin insoningiz uchun ham... Tushkunlikka tushish bilan biror yaxshi narsaga erishmaysiz, o`zingizni qo`lga oling. Nogiron degan nomni olganiga ko`nikolmay yurgan jigaringizni hayotga qaytarishga shoshiling. Bunda quyidagi maslahatlar sizga asqotadi, degan umiddamiz...

1. Sun`iy devor qurmang!

Yaqin insoningiz va o`zingizni jamiyatdan uzoqlashtirmang. Ortiqcha gap-so`z, atrofdagilarning rahmdilligi ba`zan ko`ngilga tegishi mumkin. Aynan shu narsalardan himoyalanish uchun sun`iy devor barpo etiladi. Bu esa atrofdagilardan berkinishdan tashqari, nogiron kishining oila a`zolaridan uzoqlashishiga ham sabab bo`ladi.

2. Unga qarash ­sizga malol kelmasin!

Bolakay, qariya va nogiron... Ularning barchasi o`zganing parvarishiga muhtoj kishilar. Biroq faqatgina nogiron sizning yordamingizni rad etishi mumkin, u yaqinlariga malol kelishdan qo`rqadi. Unga sizdan o`zga mehribonchilik qila olmasligi mumkin, parvarish qilar ekansiz bu sizga og`irlik qilsa-da, buni sezdirmaslikka harakat qiling...

3. “O`tiraver, men bajaraman”, ­demang!

Bu eng keng tarqalgan xatolardan biri. Uy oldidagi do`konchaga non uchun chiqib kelish, kartoshka tozalash, hattoki uydagi kichik yumushlarni ham bajarishiga  ishonmay, “Qo`yaver, o`zim tezroq qilaman!” degan gapni aslo og`zingizga olmang. Yaqiningiz o`zini keraksiz insondek his qilmasin. Bu bora-bora “hamma menga xizmat qilishi kerak”, degan fikr dunyoga kelishiga sabab bo`lishi mumkin.

4. O`tmishni yodga ­olmang.

Agar o`shanda “aytganimga quloq solganingda”, “o`zingni ehtiyot qilganingda”, “tez yordam ertaroq etib kelganida” kabi turli sabablarni qayta-qayta gapiraverib, o`tmishdagi mudhish kunni hadeb eslayvermang. Shularsiz ham unga qiyin. Etti muchasi sog` bo`lmasa-da, yoningizda tirik o`tirganiga xursand bo`ling. Nogironlik yashashga xalaqit beradigan tamg`a emas, hayotga bo`lgan qiziqishini oshiring.

5. Minnat qilmang!

Ertadan-kechgacha atrofida parvona bo`layotganingiz uchun u sizdan bir umr minnatdor bo`ladi. Har ikki gapining birida “rahmat” aytayotgani sizga kamlik qilganidek, yana minnat qilishga shoshilmang. Shifoxonada tepasida o`tirganingiz, kichkina boladek ovqatlantirganingiz va yurishni o`rgatganingiz uchun u sizga osmondagi oyni olib bersinmi? Sog`-omon bo`lganida u sizni boshida ko`tarib yurgan bo`lardi... Bu dunyoda qilgan yaxshi ishlarimizning javobini ertami-kechmi olishimizga ishonib yashang.

6. “Qarshingizda nogiron ­turibdi!”

Bu gapni aytib, odamlarda rahm-shafqat uyg`otishga, avtobusda joy berishlariga, shifokor huzuriga navbatsiz kirishga urinmang. Siz ishimiz tezroq bitadi, deb o`ylasangiz ham, nogiron kishiga uning kamchiligini omma oldida namoyish qilayotganingiz og`ir botishi turgan gap.

7. “Qani, ­yugurdikmi?!”

O`ylamay aytilgan gap shunday qo`rqinchli narsaki! Siz uchun bu katta ahamiyat kasb etmas, biroq yugurish u yoqda tursin, birovning yordamisiz yura olmaydigan odam uchun og`ir botishi aniq.

8. Xohish-istak unda ham bor!

U balki yurolmas, gapirolmas, ko`ra olmas, lekin u hamon tirik. Demak, unda xohish-istak, umid va ... did bor. U bilan bog`liq masalalarni hal qilish jarayonida bir og`iz bo`lsa-da, undan nimani xohlayotgani haqida so`rashni unutmang. Toza-ozoda kiyinishiga, tartibli ko`rinishiga beparvo bo`lmang. Hattoki, ertalabdan kechgacha uyda o`tirsa ham!

Unutmang, asosiysi hayot davom etmoqda...!

  

 

    Boshqa yangiliklar