AsosiyJamiyat

O`zbekistonning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tashkil qilinmoqda

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Unda xorijiy davlatlarda saylov uchastkalarini tashkil etish va O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovni yoritish uchun jurnalistlarni akkreditasiyadan o`tkazish masalalari ko`rib chiqildi, deb xabar bermoqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi.

Majlisni Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov boshqardi.

Saylov to`g`risidagi qonunchilikka binoan saylov uchastkalari asosiy mezon – saylovchilarga barcha qulayliklar yaratish inobatga olingan holda tashkil etilayotgani ta`kidlandi. O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga muvofiq mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida ham saylov uchastkalari tashkil qilinmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi Tashqi ishlar vazirligining O`zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish haqidagi taqdimnomasini ko`rib chiqib, parlament saylovi bo`yicha 44 ta saylov uchastkasini tuzish va ularni Toshkent shahridagi 126-Temiryo`lchilar saylov okrugiga biriktirish to`g`risida qaror qabul qildi. Shuningdek, saylovchilar uchun zarur sharoitlar yaratishni ta`minlash bo`yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Majlisda parlament, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishni xolisona va har tomonlama yoritishni ta`minlashning muhim sharti sifatida mahalliy hamda xorijiy jurnalistlarni akkreditasiyadan o`tkazish masalasi ham ko`rib chiqildi. Markaziy saylov komissiyasiga tegishli tartibda murojaat qilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o`tkazish to`g`risida qaror qabul qilindi.

Majlisda Markaziy saylov komissiyasining vakolati doirasidagi boshqa masalalar ham ko`rib chiqildi.

    Boshqa yangiliklar