O`zbekistonda tekshiruvlar natijasida 2014 yilning dastlabki to`qqiz oyi davomida 51 ming 737 holatda atvotransport egalari lisenziyasiz yo`lovchi yuk tashish faoliyatini amalga oshirgani ma`lum bo`ldi. Bu haqda O`zbekiston Avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmatiga asoslanib Kun.uz xabar bermoqda.
«Yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi va soliq organlari xodimlari bilan hamkorlikda yo`llarda 3 ming 268ta qo`shma reydlar o`tkazilib, avtotransport egalari tomonidan 51 ming 737 holatda lisenziyalash to`g`risidagi qonunlarning buzilishiga yo`l qo`yilganligi aniqlandi», – deyiladi axborotda.
Qo`shimcha qilishlaricha, soliq idoralari tomonidan lisenziyasiz faoliyat ko`rsatgan avtotransport egalariga nisbatan jami 10,349 milliard so`m (12news.uz’ning hisob-kitoblariga ko`ra, 4,3 million dollar) miqdorida moliyaviy jarimalar qo`llanilgan.
Ayni vaqtda, O`zADTA axborot xizmatining qayd etishicha, O`zbekistonda 2014 yil 1 oktyabr holatiga ko`ra lisenziyalangan avtomobillar soni 94 ming 70 tani tashkil etmoqda.





