AsosiyJamiyat

Toshkentda bir kun yashash qanchaga tushadi?

Toshkentda nima ko`p — keldi-ketdi ko`p. Bu tabiiy albatta, poytaxtga kimdir xizmat safariga, kimdir davolangani,  yana kimdir bozor-o`char yoki tahsil olayotgan o`g`il-qizidan xabar olgani, xullas, ming bir sabab bilan otlanadi. Toshkentga qadam bosish bilan ko`ndalang turadigan asosiy savol: “Qaerga joylashsam ekan?” bo`lsa, ajab emas.

Ekranlarimizda tez-tez namoyish etib turiladigan “Mehmonjonlardan aylanay” seriali qahramonlarini yodga olib, qarindosh-urug`, yoru birodarlarni kutilgan yoki kutilmagan tashrif bilan bezovta qilishni istamasangiz, quyidagi ma`lumotlarimiz aynan siz uchun. Surishtiruvni mehmonxonalardan tortib, kunlik ijara uylarigacha olib bordik. Amin bo`ldikki, ba`zi mehmonxonalardagi narxlar hamma o`ylaganchalik u qadar qimmat ham emas ekan. Quyida ana shunday hamyonbop mehmonxonalarning ba`zilari bilan tanishtirishni maqsad qildik.

Narxlar

Ma`lumotlarimizga ko`ra, necha kishilik ekanligi va xonaning oddiy, o`rtacha, “lyuks”ligiga qarab, “Hosilot” mehmonxonasida narxlar 32 mingdan 62 minggacha, “Oazis Asaka”da 55-95 ming, “Gelikon”da 100-160 ming, “Diyorbek”da 120-240 ming so`mgacha borishi mumkin.

“Mirzo”da narxlar $20-50, “Jahongir”da $35-65, “Rovshan”da $40-65, “Grand Orzu”da $45-75, “Sayohat”da  $50-100, “Viardo”da $70-130, “Ramada”da $90-130 atrofida.

Poytaxtdagi qimmat mehmonxonalarni ko`nglingiz tusasa, u holda  “International Hotel Tashkent”, “Miran International Hotel”, “Dedeman”, “Tashkent Palace Hotel”, "City Palace", "Grand-Mir", "Uzbekistan"ga tashrif buyurishingiz mumkin. Ularda kunlik yashash narxi bir kishiga $170-288,  ikki kishiga esa $ 200-338 gacha belgilangan ekan.

Aksariyat mehmonxonalar narxlariga nonushta kiritilgan bo`ladi. Shuningdek, Internet, avtomashinalar saqlash uchun joy, ayrimlarida esa bolalar maydonchalari, fitnes zallari va basseyngacha  muhayyo etilgan.

Eslatma:

Mehmonxonalarda to`lov xorijiy valyutaning so`mga nisbatan shu kunda belgilangan davlat kursi asosida amalga oshiriladi.

ENG MARKAZDAGI MEHMONXONALAR

 

"Grand-Raddus JSS", "Grand-Orzu", "Orzu", "Rovshan", "Viardo", "Raddus-JSS", "Grand-Mir", "Glen-Eden", "Tashkent Palace Hotel", “Mirzo”, "Le Grande Plaza", "Uzbekistan", "City Palace", "Dedeman" kabi mehmonxonalar markazda, aeroportdan unchalik uzoq bo`lmagan hududlarda joylashgan.

Xullas...

Qiziqchilarimiz tili bilan aytganda, “variantlar bor”. Balki mehmonxonalarda emas, uyingizni eslatib turadigan, ayniqsa oilali, uzoq muddatga kelganlar uchun qulay kvartiralarda to`xtashni istarsiz?

Eng “hamyonboplari”:

Qo`yliq, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Yunusobod, Bektemir tumanlarining chekka hududlaridan uylarni necha xonali ekanligiga qarab kuniga 50 mingdan 70 ming so`mgacha topish mumkin.

“O`rtamiyonalari”:

Ular sirasiga Yunusobod, Qoraqamish, Shayxontohur, Yashnobod, Chilonzorni kiritish mumkin. Bu hududlarda uylar xonalar soniga qarab 70-150 ming so`mlar atrofida.

Markaz:

Mirzo Ulug`bek, Mirobod, Yakkasaroy eng qimmat tumanlar qatorida bo`lib, bu erdagi uylarning kunlik narxi 150 mingdan 450 ming so`mgacha boradi. 

Hashamatni xush ko`ruvchilarga

Poytaxtda “Gabus kvartiralari” deb nomlanuvchi uylar ham bor (odatda shu nomli kompaniya tomonidan poytaxtda qurilgan uylar bu nom bilan ataladi). Hashamati, qulayliklari bilan ajralib turuvchi “gabus”-larda narx-navo bir kun uchun  200 AQSh dollari tursa, ajablanmang. Odatda bunday kvartiralar kunlik emas, uzoqroq muddatga beriladi va oylik ijara narxi o`rtacha 1,5 ming AQSh dollarini tashkil etadi.  

Laylo Rustamova tayyorladi.

    Boshqa yangiliklar