AsosiyJamiyat

1 mln. 416 ming so`mlik audio-video kassetalar va disklar musodara qilindi

Hozirgi kunda audio-video kassetalari bozori chaqqon mahsulotlar sirasiga kirishi hech kimga sir emas. Ammo masalaning yana bir muhim jihati borki, bu ushbu faoliyat turini qonuniy asosda bo`lishi taqozo etadi. Boisi bu kabi mahsulotlar milliy mentalitetimiz, milliy qadriyat va an`analarimizga zid bo`lgan mafkura vositasi bo`lishi ham mumkin. Afsuski, olib borilayotgan reyd tadbirlari natijasida ana shunday salbiy holatlar aniqlanmoqda, deb yozadi soliq.uz sayti.

Farg`ona viloyati va hududiy davlat soliq inspeksiyalari xodimlari tomonidan bozorlar, avtoshohbekatlar, umuman aholi gavjum joylarda noqonuniy mahsulotlar sotilishining oldini olish yuzasidan kunlik nazorat tadbirlari o`tkazilmoqda. Aniqlangan holatlar bo`yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, soliq qonunchiligiga rioya etmagan huquqbuzarlarga nisbatan chora ko`rilishi ta`minlanadi.

2014 yilning o`tgan davrida viloyat hududida o`tkazilgan tadbirlarda 197 nafar “ustamon”lar hokimiyat va soliq organlaridan ro`yxatdan o`tmay, tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanayotgani aniqlandi. Ulardan turli mazmundagi 103 ming 285 dona – 1 mln. 416 ming so`mlik audio-video kassetalar, turli rusumdagi lazer disklar daliliy ashyo sifatida olib qo`yildi.

O`tkazilgan tekshirishlarda to`plangan hujjatlar qonuniy chora ko`rish uchun jinoiy ishlar bo`yicha shahar va tuman sudlariga yuborilib, olib qo`yilgan sifatsiz daliliy ashyolar musodara etildi, qonunda belgilangan tartibda yo`q qilindi. Qoidabuzarlik sodir etgan 171 nafar “ustamon”ga sud idoralari tomonidan ma`muriy tartibda jarimalar qo`llanildi va undirib olindi. Hozirda 19 ta tekshirish hujjatlari bo`yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Qo`qon shahar DSI hamda O`zbekiston Respublikasi DSQ Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasi viloyat bo`limi xodimlari hamkorligida tashkil etilgan navbatdagi reyd tadbirida yana bir soxta tadbirkorning faoliyatiga nuqta qo`yildi. Xususan, “Qo`qon savdo kompleksi” MChJdagi disklar shoxobchasi sotuvchisining faoliyati o`rganildi. Ma`lum bo`lishicha, u bozor hududida hech qanday hujjasiz, maxsus lisenziyasiz faoliyatni yo`lga qo`ygan. Shu tariqa uning 303 dona lazer disklari savdosi to`xtatildi. Buni qarangki, bu uning yil davomida takroran disklar savdosini amalga oshirayotganini fosh etdi. Natijada sotuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Qo`qon shahar DSI xodimlari tomonidan yana bir reyd tadbiri shahar prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo`limi bilan hamkorlikda o`tkazildi. Unda Qo`qon shahrida istiqomat qiluvchi I.Ramzbek o`zining yashash xonadonida qonunga zid ravishda lazer disklarga nusxa ko`paytirish yashirin sexini tashkil etgani aniqlandi. Yakunda yashirin sexning qo`lbola mahsulotlari bo`lgan 32 turdagi – 7138 dona sifatsiz disklar ashyoviy dalil tariqasida olindi. Tekshirish hujjatlari huquqiy xulosa berish uchun Qo`qon shahar DSIning Ma`muriy amaliyot sho``basiga topshirildi.

    Boshqa yangiliklar