O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari, Respublika bosh Davlat sanitar vrachi Saidmurod Saidg`anievich Saidalievning ma`lum qilishicha, 28 sentyabr kuni soat 20:00dan 29 sentyabr kuni soat 19:30 gacha 40 nafar, 29 sentyabr soat 20:00dan 30 sentyabr soat 13:00gacha yana 28 nafar, 30 sentyabr soat 13:00 dan keyin yana 22 nafar, jami 90 nafar fuqaro Qashqadaryo viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga sog`lig`idan shikoyat qilib murojaat qilgan.
Olib borilgan tekshirishlar natijasida ularning ovqatdan zaharlangani aniqlanib, murojaat qilganlarga “O`tkir gastroenterit” tashxisi qo`yilgan. Ular joriy yilning 27 sentyabr kuni Qarshi shahridagi “Baxtli oila” to`yxonasida to`y marosimida turli xildagi oziq-ovqat mahsulotlarini aralash iste`mol qilishi tufayli sog`lig`ida ana shunday muammolarga duch kelgan, deb yozmoqda "Xalq so`zi" nashri.
Shundan so`ng Qashqadaryo viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida maxsus shtab tashkil etilgan. Ayni paytda Respublika sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining malakali mutaxassislari ushbu shtabga jalb etilib, amalga oshirilishi lozim bo`lgan tadbirlar belgilab olindi, bemorlarga sifatli tibbiy yordam ko`rsatish maqsadida barcha zarur dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan.
Respublika bosh davlat sanitar vrachi Saidmurod Saidalievning aytishicha, bugun, 2 oktyab soat 12:00gacha to`yda ovqatdan zaharlangan, kasalxonada bo`lib turgan 90 nafar fuqarodan 48 nafariga uyiga javob berilgan. Ayni paytda yana ulardan 42 nafari kasalxonada davolanmoqda. Ularning ham ahvoli qoniqarli, tez orada uyiga javob beriladi.
To`yda qatnashgan fuqarolarni uylariga borib, patronaj o`tkazish uchun oilaviy poliklinikalardan 108 nafar va shahar DSENMdan 40 nafar mutaxassis jalb etildi. Natijada to`yda qatnashganlar orasida kasallik belgilari bo`lgan fuqarolardan 67 nafari faol aniqlanib, shifoxonaga yotqizildi. Bemorlarni davolash va ovqatdan zaharlanish holatlari profilaktikasi yuzasidan tadbirlar davom etmoqda.
Tekshirishlar yakuni bo`yicha ma`lumot beriladi.






