AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda to`yda 23 kishi emas, 74 kishi zaharlangan

'Qashqadaryoda to`yda 23 kishi emas, 74 kishi zaharlangan'ning rasmi

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida joylashgan “Shirin niyat baraka” MChJga qarashli “Baxtli oila” to`yxonasida bo`lib o`tgan to`yda ishtirok etganlar orasida qayd etilgan “ovqatdan zaharlanishga gumon” holati yuzasidan yangi ma`lumotlar taqdim etildi.

O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati tomonidan ma`lum qilinishicha, viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasida maxsus shtab tashkil etildi, ayni paytda Respublika sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining malakali mutaxassislari ushbu shtabga jalb etilib, amalga oshirilishi lozim bo`lgan tadbirlar belgilab olindi, bemorlarga sifatli tibbiy yordam ko`rsatish maqsadida barcha zurur dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan.

27 sentyabr kuni bo`lib o`tgan to`yda ishtirok etganlar ro`yxati shakllantirilmoqda, patronaj hamshiralari yordamida uyma-uy ko`rik o`tkazish tashkil etildi.

Yuqoridagi tashxis bilan yotqizilgan bemorlar jami soni 74 nafar (shundan 4 nafari 18 yoshgacha bo`lganlar, 10 nafar erkak va 60 nafar xotin-qizlar), shifoxonaga yotqizilganlar soni 72 nafar, uyiga javob berilganlar 2 nafarni tashkil etadi. Yotqizilgan 72 nafar bemorning ahvoli o`rtacha engil holatda.

Shifokor va patronaj hamshiralar tomonidan Qarshi shahridan 180 nafar to`yda ishtirok etganlarning ahvoli o`rganildi, 12 nafar kishining holati faol aniqlanib, kuzatuv uchun shifoxonaga olib kelindi. Tuman Tibbiyot birlashmalari yuqumli kasalliklar bo`limlariga to`yga aloqador holatida bemorlar murojaat etishmagan.

Tadbir bo`lib o`tgan “Shirin Niyat Baraka” MChJga qarashi “Baxtli oila” to`yxonasida 30 sentyabr kuni o`tkazilgan o`rganishlarda quyidagilar aniqlandi:

To`yxona oshxonasida mahsulotlarga ishlov berish sexlari (xonalari) tashkil etilmagan. Oziq-ovqat mahsulotlarini, shu jumladan, tez buziladigan go`sht va go`sht, sut va sut, qandolat mahsulotlarini saqlash uchun sovutgichlar etarli emas. Mavjud 1 ta sovutgich kamerada xom va tayyor mahsulotlar ularni saqlash qoidalariga rioya qilinmagan holda saqlanmoqda. Oshxona asbob uskunalari (stollar, taxtakachlar, pichoqlar, chelaklar, kastryulkalar va boshqalar) markirovka qilinmagan. Idish-tovoqlarni yuvish uchun sharoit yaratilmagan, ketma-ketlik qoidasiga rioya qilinmagan. To`yxona xodimlari tibbiy ko`rikdan o`tmagan, sanitariya minimum o`quv kurslarida o`qimagan. Tekshirish vaqtida 21 nafar oshxona ishchi-xodimidan biologik namunalar hamda tashqi muhit ob`ektlaridan 158 ta namuna olinib, laboratoriyaga topshirildi.

To`y marosimiga 3 xil salat tayyorlagan Qarshi shahar, Bog`obod mavzesi, 1/26 kottejda yashovchi fuqaro M.X.Shukurov xonadonida sanitariya nazorati o`tkazilganda, salat tayyorlash uchun umuman sharoit yaratilmaganligi aniqlandi. Jumladan, salat tayyorlash 1 ta xonada amalga oshirilgan, xom mahsulotlarni yuvish uchun 1 ta vannadan foydalanilgan, fuqaro M.X.Shukurov tibbiy ko`rikdan o`tmagan va ushbu faoliyat uchun tegishli ruxsatnoma olmagan. Sanitariya-epidemiyaga qarshi talablarni buzganligi uchun fuqaro M.X.Shukurovga nisbatan ma`muriy ish qo`zg`atilib, eng kam ish xaqining 5 barobar miqdorida jarima solindi.

To`yda qatnashgan fuqarolarni uylariga borib, patronaj o`tkazish uchun oilaviy poliklinikalardan 108 nafar va shahar DSENMdan 40 nafar mutaxassis jalb etildi. Natijada, to`yda qatnashganlar orasida kasallik belgilari bo`lgan fuqarolardan 42 nafari faol aniqlanib, shifoxonaga yotqizildi. Uyma-uy yurib, kasallarni faol aniqlash, bemorlarni davolash va ovqatdan zaharlanish xolatlari profilaktikasi yuzasidan tadbirlar davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar