AsosiyJamiyat

1 oktyabrdan qanday o`zgartirishlar kuchga kiradi?

'1 oktyabrdan qanday o`zgartirishlar kuchga kiradi?'ning rasmi

2018 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradigan soliq sohasidagi asosiy yangiliklar, er uchastkalarini ajratish, ko`chmas mulkka bo`lgan huquqlarni hisobga olish, kripto-aktivlar oborotiga doir yangi qoidalar va boshqa yangiliklar haqida Norma ma`lumot berdi.

Oqibatlarni yuzaga keltiradigan xronometraj, pasportlashtirish, avtoturargohlarga soliq solish va suv solig`ining yangi stavkalari

Birinchidan, shu paytgacha xronometraj natijalari soliq to`lovchini javobgarlikka tortish uchun asos bo`lib xizmat qila olmas edi. Biroq 1 oktyabrdan prinsip o`zgaradi. Avval soliqchilar xronometraj natijalariga ko`ra oxirgi hisobot davri uchun kamaytirib ko`rsatilgan tushumni va xodimlar sonini qayta hisob-kitob qilgan holda soliqlarni hisoblashni amalga oshirish haqida talabnoma yuborish huquqiga ega bo`ladilar. Kamaytirib ko`rsatish takroran aniqlanganda, ushbu harakatlar soliq to`lashdan bo`yin tovlash sifatida malakalanadi.

Ikkinchidan, soliq to`lovchilarni pasportlashtirish rejalashtirilgan muddatdan birmuncha oldin boshlanadi (normativ hujjatlarga ko`ra u 1 oktyabrdan boshlab tuziladi). Tadbirkorlik sub`ekti ro`yxatga olingan joyda faoliyat yuritayotgani tekshiriladi, faoliyat turi o`rganiladi, xodimlarining haqiqatdagi soni hisobotda ko`rsatilgani bilan solishtiriladi, noqonuniy tadbirkorlik dalillari aniqlanadi. Pasportlashtirish davomida to`plangan dalillar soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarni hisoblash uchun asos bo`ladi.

Uchinchidan, qat`iy belgilangan soliqni to`lab kelgan avtoturargohlar oktyabrdan YaST yoki umumbelgilangan soliqlarni to`lashga o`tishlari kerak. Soliq tushumlari ustidan nazorat o`rnatiladi. Xususan, barcha avtoturargohlar videokuzatuv kameralari hamda kirish va chiqish vaqtini qayd etish tizimini o`rnatishlari shart.

To`rtinchidan, ayrim suv iste`molchilari suv resurslaridan foydalanganlik uchun to`laydigan soliq miqdori oshirildi. Sanoatchilar (elektr stansiyalari, kommunal xizmatlar va alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchilardan tashqari) oktyabrdan boshlab er usti suv resurslari manbalarining 1 kub metri uchun 300 so`m va er osti suv resurslari manbalarining 1 kub metri uchun 360 so`m to`laydilar, bu stavkalar taxminan uch baravar oshirilganini anglatadi. Avtomobil yuvish korxonalari esa tegishincha 1 000 va 1 250 so`mdan hisoblashlari kerak. Ular uchun soliq 10 baravardan ortiq oshdi.

Investisiya loyihalari uchun er va ko`chmas mulkka bo`lgan huquqlarni hisobga olishning yangi qoidalari

Qishloq xo`jaligiga mo`ljallanmagan er uchastkalari 50 yilgacha muddatga, lekin arizada ko`rsatilganidan kam bo`lmagan muddatga investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun uzoq muddatli ijaraga beriladi. Mehmonxonalar, savdo ob`ektlari, madaniy-ko`ngilochar majmualar, maishiy xizmat ko`rsatish ob`ektlari, ta`lim va tibbiyot tashkilotlari, yo`l infratuzilmasi va boshqalarni qurish uchun er uchastkalariga doimiy egalik qilish huquqi auksion orqali sotiladi.

Bunda ko`chmas mulkka (er uchastkalari, bino va inshootlar, ko`p yillik dov-daraxtlarga) bo`lgan huquqni ro`yxatga olish to`g`risida guvohnoma bekor qilinadi. Ular o`rniga elektron davlat reestriga tegishli yozuv kiritiladi. Asosiysi, ko`chmas mulk mulkdorlari (egalari) hujjatlar bilan hech qaerga bormaydilar. Yozuv kiritish uchun barcha ma`lumotlarni hokimliklar, notariuslar, qurilish bo`limlari va boshqarmalari, shuningdek boshqa muassasalar taqdim etadilar.

Ayrim lisenziyalovchi organlar o`zgardi

Aviasiya, diniy ta`lim va qurilish sohasidagi faoliyatning 6 ta turi bo`yicha lisenziyalovchi organlar o`zgardi. Bu ko`plab komissiyalar, qo`mitalar, kengashlar va ishchi guruhlar tugatilishi bilan bog`liq. Umuman olganda, ular 81 taga kamaydi, yana 25 ta shunday organlarning ishi optimallashtirildi.

Lisenziya olish uchun endi soha davlat muassasalariga murojaat qilish lozim. Eslatib o`tamiz, bu joriy yildagi lisenziyalash funksiyalarining birinchi transferi emas. 1 iyundan ayrim lisenziyalarni berish vakolatlari Hukumatdan quyi turuvchi idoralarga o`tkazilgan.

Kripto-aktivlar oboroti – lisenziya bo`yicha

Kripto-aktivlar, ya`ni o`z qimmati va egasiga ega bo`lgan blokcheyndagi yozuvlar majmuasi oboroti bilan endi faqat lisenziya asosida shug`ullanish mumkin. Mayning, kripto-aktivlar bozoridagi xizmatlar va kripto-birjalar faoliyatini ham lisenziyalash talab etiladi. Ushbu yo`nalishni lisenziyalash bilan LBMA shug`ullanadi.

Keyinchalik O`zbekistonda kripto-birjalarga qo`yiladigan talablar tasdiqlandi: xorijiy korxona, 30 000 EKIH (5,5 mlrd so`mdan ortiq) miqdoridagi ustav fondi, elektron tizim, savdolarni amalga oshirish qoidalarining mavjud bo`lishi, bozor kotirovkalaridan foydalanish va savdolar haqidagi axborotni 5 yil davomida saqlash.

Ta`lim va fan: maktablarning kuzatuv kengashlari va mualliflik haqi

Umumta`lim muassasalarining vasiylik kengashlari o`rniga kuzatuv kengashlari tashkil etiladi. Ular tarkibiga muassasa faoliyatiga jiddiy hissa qo`shishga qodir eng faol ota-onalar, bitiruvchilar, homiylar va boshqa shaxslar kiritiladi.

Fan sohasida esa quyidagilarga qo`shimcha bir martalik mukofotlar joriy etiladi:

• patentlangan intellektual mulk ob`ektlari mualliflariga – muassasaning byudjetdan tashqari mablag`lari hisobidan EKIHning 10 baravari miqdorida;

• mualliflar hamda ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini ishlab chiqish va tijoratlashtirishda ishtirok etgan ilmiy jamoaga – ularni tijoratlashtirishdan muassasa hisobiga kelib tushayotgan mablag`larning tegishli ravishda 40%i va 30%i miqdorida.

Ijtimoiy soha: non uchun kompensasiya, bolalar nafaqalarini indeksasiyalash

Hukumat ilgari davlat tomonidan tartibga solingan qolipli non («buxanka») narxini sentyabr oyining o`rtasida tushirdi va un narxini oshirdi. Bu ayniqsa aholining ijtimoiy qatlamlari hamyoniga zarar keltirmasligi uchun 1 oktyabrdan kompensasiya – EKIHning 10%i joriy etiladi.

Uni quyidagilar olishlari mumkin:

• yoshga doir, nogironlik bo`yicha nafaqa, boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi va nafaqasi (har bir boqimandaga), bolaligidan nogiron bo`lgan 16 yoshdan katta shaxslarga nafaqa, nogiron bo`lgan 16 yoshgacha bolalarga nafaqa, shuningdek yoshga doir pensiyaningbelgilangan miqdoridan kam pensiya va nafaqa bo`yicha har bir nafaqa oluvchiga;

• bola 2 yoshga to`lgunga qadar uni parvarish qilish bo`yicha nafaqa oluvchi har bir oila, o`zini o`zi boshqarish organlari orqali moddiy yordam oluvchi kam ta`minlangan oilaga.

Parallel ravishda 14 yoshgacha farzandlari bo`lgan oilalarga oylik nafaqa miqdorlarini indeksasiyalashga qaror qilindi. Oktyabrdan boshlab ular quyidagi miqdorni tashkil etadi:

• 1 nafar farzandi bo`lgan oilaga – EKIHning 60%i;

• 2 nafar farzandi bo`lgan oilaga – EKIHning 100%i;

• 3 nafar va undan ko`p farzandi bo`lgan oilaga – EKIHning 140%.

Va oxirgisi. Shuningdek oktyabr oyida, oy boshidan bo`lmasa ham, iste`molchilar bilan o`zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo`yiladigan minimal talablar hamda Ma`lumotlar uzatish tarmog`i, shu jumladan Internet xizmatlarini ko`rsatishning yangi qoidalari amal qila boshlaydi.

    Boshqa yangiliklar