AsosiyJinoyat

Totalizator o`ynab biri qotilga aylandi, ikkinchisi ayolidan ayrildi

'Totalizator o`ynab biri qotilga aylandi, ikkinchisi ayolidan ayrildi'ning rasmi

Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudida ochiq sud majlisi bo`lib o`tdi. G`.Kuliboev hali o`ttizga ham kirmagan. Doimiy ish joyiga ega emas, tirikchilik uchun turli joylarda ishlab yurgan yigit qiyinchilik bilan topgan pullarini totalizatorda o`ynab kelgan, deb yozmoqda O`zA.

U 2014 yilning oxirlaridan buyon poytaxtning Chilonzor tumanidagi “Maxsustrans” korxonasiga qarashli yuk avtomashinalarini yuvish shoxobchasida norasmiy ravishda ishlab yurgan. Tanishi E.Radchenko uning mazkur o`yinda qatnashishi uchun naqd pullarini olib, uni elektronlashtirishga ko`maklashib kelgan. U ishdan bo`sh vaqtlarida internet kafelarda “Web money” sayti orqali sport musobaqalariga pul tikib totalizator o`ynagan. O`z topgan pullarini behudaga sovurib ham ko`ngli xotirjam bo`lmagan Kuliboev tanish-bilishlardan ham qarz olib ushbu o`yinda qatnashgan.

2018 yilning aprel-may oylarida ish faoliyati davomida topgan 2 million 300 mingdan ortiq pulini va tanishi B.Toshpo`latovdan olgan 200 AQSh dollarini ham elektron hisobiga o`tkazib, o`yin o`ynagan va yutqazgan.

Tanishlari pulni so`rayvergach, yigit o`zi istab-istamay qotilga aylandi.

...2018 yil 7 iyun. G`.Kuliboev tanishi E.Radchenkoga qo`ng`iroq qilib, elektron hisobiga pul tushirish niyati borligini aytib, uni ko`chaga chiqishga ko`ndiradi.

U bu xonadonda hamisha naqd pullar bo`lishini, qaerda saqlanishini yaxshi bilgan. Sherigi uydan chiqqanini ko`rgan yigit o`z rejasini amalga oshirish uchun uning xonadoniga kiradi. Oshxona pichog`i bilan xonadon bekasi L.Radchenkoning 18 joyiga jarohat etkazadi. Pullarni olib uydan chiqib ketadi.

O`g`irlangan pullar evaziga qarzini to`lagach, yana hech narsa bilmagandek yuraveradi. Ammo tezkor surishtiruv natijasida uning siri fosh bo`ldi. O`z aybini tan olgan fuqaroga sud hukmi o`qildi.

O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “i” bandi, 164-moddasi 3-qismi “v, g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida 18 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Endigina 28 yoshni qarshilagan G`.Kuliboev 18 yilni oilasi, farzandidan olisda o`tkazadi. Bir nafar voyaga etmagan farzandi va ayoli endi kimning qo`liga qaraydi? E.Radchenkoning xatosi, yosh yigitga sirtdan yordam bergani uchun, yorug` olamni tark etgan ayolning aybi nima edi?

Savollar ko`p. Ammo javob bitta. “Sayoq yurgan tayoq eydi”.

    Boshqa yangiliklar