Toshkentdagi “Internatıonal Hotel Tashkent” mehmonxonasida 27-28 sentyabr kunlari “Oilani mustahkamlash va o`sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashda o`zini-o`zi boshqarish organlarining roli” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo`lib o`tdi.
Mazkur anjuman Prezident Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 11 oktyabr kuni Rossiyaning Sochi shahrida o`tkazilgan MDH Davlat rahbarlari majlisida bildirgan taklifi asosida, Fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha respublika kengashi, Tashqi ishlar vazirligi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi, Xotin-qizlar qo`mitasi va boshqa bir qator hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan o`tkazildi.
Tadbirda mamlakatimizdagi tegishli vazirlik, idoralar, tashkilotlar, o`zini-o`zi boshqarish idoralari rahbarlari, Afg`oniston, Belgiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Misr, Pokiston, Rossiya, Ozarboyjon, Koreya, Hindiston, Qirg`iziston, Qozog`iston, Tojikiston singari davlatlardan kelgan etakchi ekspertlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, O`zbekiston hududida mahallalar Bronza davrida, bundan uch ming yillar muqaddam shakllana boshlagan. Narshaxiy, Abu Rayxon Beruniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk allomalarning asarlarida ham yurtimiz hududidagi qadimgi mahallalar haqida qimmatli ma`lumotlar uchraydi.
Mahalla azaldan ta`lim-tarbiya o`chog`i, ota-bobolarimizdan bizga meros bo`lib kelayotgan milliy qadriyatlar maskani, xalqimizning turmush va tafakkur tarzi sifatida e`tirof etib kelinadi. Odamlar o`rtasida o`zaro mehr-oqibat, ahillik va totuvlik, xayr-saxovat, bag`rikenglik singari fazilatlar avvalambor mahalla muhitida shakllangan.
Bugun O`zbekistonning 33 millionga yaqin aholisi 8800 dan ortiq mahalla hududida istiqomat qilib kelayotir.
Xorijiy ekspertlar ham o`z navbatida xalqaro miqyosda yosh avlod tarbiyasida foydalanilayotgan tajribalar xususida so`z yuritdilar.
— Bugun yosh avlod tarbiyasi butun dunyoda katta ahamiyat kasb etadi, - deydi Ispaniyaning San-Pablo universiteti professori Antonio Alonso Markos. – Bizning mamlakatimizda ham boshqa joylarda bo`lgani kabi yoshlar tarbiyasida internet, ijtimoiy tarmoqlarning o`rni o`sib bormoqda. Bolalarni kitob va boshqa bosma nashrlarga qaytarish ustida bosh qotirilmoqda. Yurtingizda yoshlar o`rtasida kitobxonlik darajasini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar tahsinga loyiq.
— O`zbekiston chindan ham o`ziga xos tarix, ma`naviyat, umuminsoniy qadriyatlar beshigi, – deydi Ozarboyjon Respublikasi Oila, ayol va bolalar masalalari davlat qo`mitasi raisi o`rinbosari Sadoqat Qahramonova. – Mahallalar O`zbekistonda boshqaruvining muhim bo`g`ini hisoblanarkan. Bizning mamlakatimizda mahallalar ko`p. Ammo, ular shunchaki hududidy birlik hisoblanadi. Sizdagi mahallalarga berilgan vakolatli vazifalar bizda baladiya deb ataladigan organlar zimmasiga yuklangan. Umuman bu borada xalqaro tajribalarni o`rganish, shu bilan birga O`zbekiston tajribasini keng miqyosda ommalashtirish katta ahamiyatga ega.
Tadbir ishtirokchilari anjuman doirasida Toshkent shahridagi tarixiy obidalar, qadimgi mahallalar, ta`lim-tarbiya muassasalari faoliyati bilan tanishdilar.






