27 sentyabr kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanida soat 15:30 lar atrofida qidiruvda bo`lgan xavfli jinoyatchi Shohrux Jo`raev qarindoshlarining uyidan topilgan. Bu vaqtda u karavot tagida yashirinib yotgan bo`lgan. Qo`lga olish vaqtida u qarshilik ko`rsatgan, deb xabar berdi Toshkent IIBB.
Nashrlarda tarqatilgan xabarlarga ko`ra, Sh.Jo`raev 11 avgust kuni sheriklari bilan birga undan 500 ming so`m qarzi bo`lgan bir fuqaroni urib-do`pposlab, mashinasini pachoq qilgan. Milisiya bu voqeadan videoyozuv orqali xabar topgan.
Avvalroq uning o`zidan boshqa barcha sheriklari ushlangani aytilgandi.
IIBB guruhning yana bir a`zosi — 1989 yilda tug`ilgan Bahodir Baxtiyorovich Yo`ldoshev ham qidirilayotganini ma`lum qiladi.
"Hurmatli shahar aholisi va mehmonlari! Agar sizga gumondorning qaerdaligi ma`lum bo`lsa, quyidagi telefon raqamlari orqali ma`lum qilishlaringizni iltimos qilamiz:
102, 272-98-39, 231-95-13, (98) 362-51-14.
IIBB qo`ng`iroq qilgan shaxsning kimligini sir saqlanishini to`liq kafolatlaydi", - deyiladi xabarda.






