O`n bir farzandli Gen va Halilintar oilasi Indoneziyadagi ko`p bolali xonadon hisoblanadi. Bu oila ziyorat turizmni faol targ`ib etmoqda.
Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti matbuot xizmatining xabar berishicha, bu oila 2014 yilda yurtimizda, jumladan, Samarqandda sayohatda bo`lib, bundan juda katta taassurot oladi. Shu sababli ular mamlakatimizdagi tarixiy-madaniy inshootlar, muqaddas qadamjolar va xalqimiz madaniyati, an`ana va urf-odatlari haqida “O`zbekiston – mehmondo`st davlat” (“UZBEKISTAN NEGARA SAHABAT”) nomli kitob yozdi. Hozirgacha bu kitob 100 ming nusxada nashr etildi va Indoneziyada juda mashhur bo`ldi.
“GenHalilintar” oilasi mazkur kitobni o`zbek tiliga tarjima qilish va Samarqandda nashr etishni rejalashtirgan, deb yozmoqda O`zA.

Ta`kidlash lozimki, “GenHalilintar” oilasini “King of YouTube” (Yutub qiroli) deb ham atashadi. Chunki, oila YouTube kanalida juda katta – 15 millionlik auditoriyaga ega. Ularning O`zbekistonga safari haqidagi videosini tomosha qilganlar hozirgacha 150 mingdan oshdi.
“GelHalilintar” Samarqand shahrida turizmni rivojlantirishni istaydi. Buning uchun ularning o`zi ham qadimiy va hamisha navqiron shahar turizm sohasiga investisiya kiritish niyatida.






