AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev farmoni bilan “El-yurt umidi” jamg`armasi tashkil etildi

'Shavkat Mirziyoev farmoni bilan “El-yurt umidi” jamg`armasi tashkil etildi'ning rasmi

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev “O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo`yicha “El-yurt umidi” jamg`armasi faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi farmonga imzo chekdi.

Mazkur hujjat xorijda yashayotgan va ishlayotgan vatandoshlarimiz, ayniqsa, katta ilmiy salohiyatga ega bo`lgan olimlar, mutaxassislar va iste`dodli yoshlar bilan o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yish, jahon mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish kabi maqsadlarda qabul qilingan.

“Iste`dod” jamg`armasi negizida tamoman yangi “El-yurt umidi” jamg`armasi faoliyat yuritadi. Jamg`armaning shu paytga qadar bajarib kelgan funksiyasi bundan buyon ham davom etaveradi. Endilikda jamg`arma zimmasiga xorijdagi vatandoshlar bilan muloqot qilish vazifa ham yuklandi.

“El-yurt umidi” jamg`armasi magistratura va doktorantura dasturlari bo`yicha tanlov o`tkazish va tayyorgarlikni tashkil qilish, shuningdek, davlat tuzilmasi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta`lim va ilmiy muassasalarning istiqbolli mutaxassislarini rivojlangan mamlakatlardagi ilmiy va ta`lim muassasalariga malakasini oshirish va stajirovkadan o`tkazishga ham jo`natadi.

Farmon bilan, yangi jamg`armaning tashkiliy tuzilmasi, uning Nizomi, Vasiylik kengashi tarkibi hamda xorijda ta`lim olish, stajirovka o`tash va malaka oshirish uchun nomzodlar o`rtasidagi tanlov Tartibi ham tasdiqlandi.

Jamg`arma stipendiyalari har yili tasdiqlanadigan maqsadli dasturlarga muvofiq quyidagicha ajratiladi:

Xorijiy ta`lim va ilmiy muassasalarda malaka oshirishga – 2 oygacha;

Xorijiy ilmiy, ta`lim, ijod muassasalari, davlat idoralari, korxona va boshqa tashkilotlarda stajirovka o`tashga – 6 oygacha muddatga;

Etakchi xorijiy oliy ta`lim va ilmiy muassasalarda magistratura dasturi asosida o`qishga – 1-2 yil mobaynida;

Doktorantura dasturi bo`yicha esa 1-4 yil mobaynida.

Tanlovdan o`tgan stipendiatlarga jamg`arma stipendiyalari quyidagi xarajatlarni qoplash uchun ajratiladi:

xorijiy ta`lim va ilmiy muassasalarda o`qish qiymatining to`lovi;

stipendiatlarning viza olish xarajatlari;

barcha turdagi transport vositalari bilan o`qish joyiga qadar – yilda bir martadan ortiq bo`lmagan yo`lkira xarajatlari;

borgan mamlakatdagi o`qish davrida yashash, ovqatlanish va transport xarajatlari;

zarur o`quv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar xarid qilish;

xorijda o`qish davrida stipendiatlarni tibbiy sug`urtalash.

Jamg`armaning moliyaviy ko`magi bilan magistratura yoki doktorantura dasturlari bo`yicha ta`lim olgan stipendiatlar tuzilgan shartnomada belgilab qo`yilgan muddat davomida oliy ta`lim yoki ilmiy muassasa, shuningdek, vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlarida ishlab berish majburiyatini zimmalariga oladi.

To`g`rirog`i, chet elda malaka oshirib yoki stajirovka o`tab kelgan stipendiatga, uni tavsiya etgan oliy ta`lim yoki ilmiy muassasada, shuningdek, davlat tashkilotlarida 3 yildan kam bo`lmagan muddat davomida ishlab berish sharti qo`yiladi.

Basharti stipendiat magistratura yoki PhD dasturi bo`yicha chet elda ta`lim olganda, egallagan mutaxassisligi bo`yicha 5 yildan kam bo`lmagan muddatda, stipendiatni o`qitishga qilingan barcha xarajatlar miqdori 75 ming AQSh dollaridan ortiq bo`lsa, ularga 7 yilgacha uzluksiz ishlab berish majburiyati yuklanadi.

Endilikda jamg`arma xorijdagi malakali vatandoshlarimiz hamda O`zbekistondagi kadrlar zaxirasiga ehtiyoji bor vazirlik va idoralar uchun o`ziga xos ko`prik vazifasini o`taydi.

Maqola Bosh prokuraturaning

Media markazi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

    Boshqa yangiliklar