Ijtimoiy tarmoqlarda Aralash jang san`ati (MMA) jangchisi, xalqaro musobaqalar g`olibi shahrixonlik Otabek Aliev pichoqbozlik oqibatida o`ldirilgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Turon24 muxbiri ushbu gap-so`zlarga oydinlik kiritish maqsadida Shahrixon tumani ichki ishlar bo`limi bilan bog`landi.
Ma`lum bo`lishicha, hodisa shu yilning 18 sentyabr kuni sodir bo`lgan. Otabek A.A. bilan bir kun avval janjallashishib, mushtlashadi. Ertasi kuni ular ko`chada yana ko`rishib qoladi. So`ng orani ochdi qilish maqsadida Otabekning “Sobalt”iga o`tirib tumandagi “Saidxon farovonligi” MChJ qoshidagi avtotransport vositalariga metan-gaz quyish shoxobchasiga borishadi.
“Orani ochdi qilish haqoratga ulanib, shu paytda A.A. yonida bo`lgan bir dona xo`jalik pichog`i bilan qasddan Otabek Alievning qorin qismiga bir marotaba urib, uning hayoti uchun xavfli bo`lgan og`ir shikast etkazadi. Otabek Aliev og`ir tan jarohati olib, 19 sentyabr kuni shifoxonada vafot etadi. O`sha kunning o`zida tuman IIB tomonidan A.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Tergov jarayonlari davom etmoqda”, deydi Tuman IIB boshlig`i o`rinbosari, tergov bo`limi boshlig`i Anvarjon Iminov.






