O`zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov Tojikistonning So`g`d viloyatida joylashgan poligonda hamkorlikda o`tkazilgan qo`shma mashg`ulotlarda faollik va tashabbuskorlik ko`rsatgan bir guruh tojikistonlik harbiylarni O`zbekiston Mudofaa vazirligining «Jangovar hamdo`stlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun» ko`krak nishonlari va esdalik sovg`alari bilan taqdirladi. O`z navbatida o`zbekistonlik ilg`or harbiy xizmatchilar ham Tojikiston mudofaa vaziri tomonidan rag`batlantirildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mashg`ulot shartiga ko`ra dastlab ikki davlat harbiylari hamkorligida chegara yaqinida aholini asir olgan shartli terrorchi kuchlarning joylashgan joyi uchuvchisiz uchar apparatlari vositasida aniqlandi. Olingan ma`lumotlarga asoslanib, ularni qo`llab-quvvatlovchi kuchlar aviasiya va artilleriya zarbalari orqali yo`q qilindi. O`zbekistonlik desantchilar shartli dushman kelishi ehtimoliy yo`nalishiga pistirma uyushtirdi. Jangovar texnikalar vositasida harbiy xizmatchilar tezkor va aniq harakatlanib, aksilterror operasiyasini muvaffaqiyatli yakunlashdi.
Hamkorlikdagi jangovar operasiyalarning asosiy qismini O`zbekiston va Tojikiston mudofaa vazirlari kuzatib borishdi. 3 kun davom etgan amaliy mashg`ulotlar ikki mamlakat o`rtasida harbiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga, chegara hududlarida xavfsizlikni kuchaytirishga, harbiy xizmatchilarning amaliy ko`nikmalarini oshirishga xizmat qildi.
Shuningdek, tadbirda O`zbekiston Qurolli Kuchlarida foydalanilayotgan qurol-aslaha va harbiy texnikalar ko`rgazmasi bo`lib o`tdi.
Qo`shma mashg`ulotlar yakunida O`zbekistonning taniqli estrada xonandalari va harbiy san`atkorlari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.






