21 sentyabr kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan “Oltin tegirmon” yuklash stansiyasida yuk poezdining ikkita bo`sh vagoni (g`alla tashish uchun sisternalar) ag`darilib ketdi, deb xabar qildi Toshkent IIBB.
Xabarda aytilishicha, ro`y bergan hodisa natijasida odamlardan hech kim jarohat olmagan.
Biroq, ag`darilib ketgan vagonlar tufayli to`siqlar va qisman - temir yo`l yaqinida joylashgan uylarning qo`shimcha inshootlari devori vayron bo`lgan.

“Hozirgi paytda hodisa sodir bo`lgan joyda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi transportdagi jamoat xavfsizligini ta`minlash boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va IIBB vakillari ishlamoqda. Avariya-tiklash ishlari olib borilmoqda. Voqea sabablari va etkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda”, - deyiladi xabarda.






