Aholining eng ko`p ishi tushadigan tizimlardan biri notariat sohasidir. Tizimda xizmat ko`rsatish tizimini yaxshilash uchun notariuslarga xalq tomonidan berilayotgan baho alohida e`tiborda. Qolaversa, ular faoliyatini baholashning maxsus tizimi ham ishga tushirilgan.
Aholidan notariuslar faoliyati bilan bog`liq tushayotgan shikoyatlarni o`rganish asnosida o`tkazilgan o`rganishlarda ko`p hollarda keltirilayotgan vajlar o`z tasdig`ini topmoqda. Keyingi paytda bu amaliyot tufayli 27 nafar notariusga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo`llanildi.
O`zAning yozishicha, Adliya vazirligi tomonidan davlat notarial idoralari notariuslarining ish faoliyati sifatini baholash tizimi ham yo`lga qo`yildi. Bu jarayonda esa sifatli xizmat ko`rsatayotgan hamda ishlari talab darajasida tashkil etilmayotgan xodimlar aniqlandi.
– Notariuslar faoliyati sifatini baholashda qonuniylik, beg`arazlik, xolislik, adolatlilik va shaffoflik prinsiplariga asoslanildi, – deydi Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi boshlig`i Sevara O`rinboeva. – Sifatni baholashda notarius tomonidan rasmiylashtirilgan notarial harakatlar soni va sifati, aholiga xizmat ko`rsatishda qulaylik va tezkorlik ta`minlanganligi, faoliyatidagi yutuqlar va yo`l qo`yilgan kamchiliklar ko`lami, kasbiy vazifalarini bajarish darajasi hamda sohani rivojlantirishdagi faolligi hisobga olindi.
Respublika bo`yicha 651 nafar notariusdan 28 nafarining ish faoliyati “a`lo”, 268 nafariniki “yaxshi”, 278 nafariniki “qoniqarli” va 77 nafariniki esa "qoniqarsiz” deb baholandi.






