AsosiyJamiyat

Afg`onistonda terrorchilarga qo`shilib qolgan termizlik ayol O`zbekistonga olib kelindi (video)

'Afg`onistonda terrorchilarga qo`shilib qolgan termizlik ayol O`zbekistonga olib kelindi (video)'ning rasmi

«Yoshlar» teleradiokanali va DXX hamkorligida «Yangi Davr» information dasturida 8 yil davomida chet ellarda sarson-sargardon bo`lgan Afg`onistondan olib kelingan termizlik ayol Gulruxsor Hayitova haqida lavha efirga uzatildi, deb yozmoqda «Daryo» nashri.

«1988 yilda Termiz shahrida tug`ilgan Gulruxsor Hayitova turmush o`rtog`i 1987 yilda Termiz shahrida tug`ilgan Zohid Begimqulov bilan 2011 yilda ishlash uchun Rossiya Federasiyasiga ketadi.

U erda Zohid Begimqulov birga ishlagan tanishlari orqali O`zbekiston islom harakati terroristik tashkilotiga qo`shilib qoladi. Shundan so`ng ikki nafar farzandi bilan Gulruxsor ham turmush o`rtog`iga ergashadi.

Ko`p o`tmay buzg`unchi qizlarning da`vati va turmush o`rtog`ining qistovi bilan Rossiya orqali Ozarbayjonga so`ng Eronga va u erdan Pokistonga o`tib, jangarilar safiga qo`shiladi.

Biroq Pokiston va Afg`oniston hududlaridagi jangarilik harakatlari va sargardonliklar er-u xotinni bir-biridan ayirdi. Aniqrog`i 2012 yilning avgust oyida Zohid Begimqulov navbatdagi jangarilik harakatida ayanchli o`lim topdi. Eri vafot etgach Gulruxsor Hayitova takror turmush qurishga majbur bo`ladi va ikkinchi turmushidan yana ikki nafar farzand ko`radi.

Bir etak bola bilan sarson-sargardonlikda yurgan Gulruxsor O`zbekiston Respublikasi DXX hamda Afg`onistonning Mozori-sharif shahrida joylashgan O`zbekiston Respublikasi Konsulligi bilan mamlakatimizga qaytarildi», — deyiladi lavhada.

«Afg`onistonning Darzob degan joyida turardik. O`sha erlardan kelyapmiz. Prezidentimizning kechirishini eshitdik, shuning uchun o`z vatanimizga qaytdik», – deydi Gulruxsor Hayitova.

Vataniga qaytayotgan Gulruxsor Hayitova biri Pokistonda, ikkinchisi Afg`onistonda vafot etgan asli andijonlik er-xotin Farhod Botirbekov va Ra`no Hamroqulovalarning ikki nafar qizlarini ham o`zi bilan birga olib keldi. O`tgan 8 yillik azob-uqubatlardan qutilgan Gulruxsor Hayitova boshidan kechirganlarini so`zlab berdi.

«U erda IShID safiga o`tdik. Ular sig`dirmagandan keyin sarson-sargardonlikda qolib ketdik. Farzandlarim maktab nima, bog`cha nima, ota-ona, qavm-qarindosh nimaligini ko`rgani yo`q», – deydi Gulruxsor Hayitova.

Gulruxsor Hayitovaga nisbatan qo`llanilgan qamoqqa olish ehtiyot chorasi munosib xulq-atvorda bo`lish to`g`risidagi tilxat ehtiyot chorasiga o`zgartirilib, u yaqinlari bag`riga qaytarildi. Hozirda ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan «terrorchilik tashkiloti» deb topilgan.

Boshqa yangiliklar