AsosiyJamiyat

Ma`muriy qamoq: maxsus qabulxonadan qachon vaqtincha chiqarishlari mumkin

'Ma`muriy qamoq: maxsus qabulxonadan qachon vaqtincha chiqarishlari mumkin'ning rasmi

Ichki ishlar vazirining buyrug`i (26.06.2018 yilda 3026-son bilan ro`yxatdan o`tkazilgan) bilan Ma`muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo`ljallangan maxsus qabulxonalar hududidan ma`muriy qamoqqa olingan shaxslarning chetga chiqish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.

Ma`lumot uchun: ma`muriy qamoqqa olish – ma`muriy jazo turi bo`lib, u shaxsni jamiyatdan vaqtincha ajratib qo`yish sharoitlarida saqlashdan iborat va 3 sutkadan 15 sutkagacha bo`lgan muddatga qo`llaniladi*. U MJTKning 25 ta moddasi bo`yicha qo`llanilishi mumkin.

«Ma`muriy qamoqni o`tash tartibi to`g`risida»gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq, ma`muriy qamoqqa olingan shaxslarga quyidagi 3 ta holatda maxsus qabulxona hududidan chetga chiqishga ruxsat berilishi mumkin:

  • yaqin qarindoshning vafoti;
  • yaqin qarindoshning hayotiga tahdid soluvchi og`ir kasallik;
  • ma`muriy qamoqqa olingan shaxsga yoki uning oilasiga ancha miqdorda moddiy zarar etkazgan hodisa sodir etilganda.

Chetga chiqish muddati – ikkala tomonga borib-kelish vaqti (2 sutkagacha) hisobga olinmagan holda bir sutkadan ko`p emas. Bu vaqt ma`muriy qamoqni o`tash muddatiga qo`shib hisoblanadi. Ariza esa – tegishli ariza kelib tushgan vaqtdan e`tiboran keyingi kundan kechiktirmay ko`rib chiqiladi.

Qabul qilingan hujjatda arizani olgan maxsus qabulxona ma`muriyati ma`muriy qamoqqa olingan shaxsning yashash joyidagi tuman (shahar) ichki ishlar organiga uning vajlari asosliligini tekshirib berish bo`yicha tegishli so`rov xati yuborishi belgilandi. Ichki ishlar organi zudlik bilan vajlarning asosliligini/asossizligini tasdiqlovchi (fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi, tibbiyot birlashmasi, fuqarolik holati dalolatnomasini yozish bo`limi va boshqa organlardan olingan) ma`lumotlarni ilova qilgan holda javob xati yuboradi.

Mazkur axborot asosida, shuningdek ma`muriy qamoqqa olinganning shaxsi va xulq-atvorini inobatga olgan holda arizani ko`rib chiqish yakunlari bo`yicha qaror chiqariladi. Unda chetga chiqish uchun ruxsat berilgan yoxud bunga rad javobi berilgan bo`lishi mumkin.

Ariza qanoatlantirilgan taqdirda bu haqda darhol arizachiga xabar beriladi, u maxsus qabulxonaga qaytib kelish vaqti, qaytib kelmaslik oqibatlari, belgilangan manzilga etib borgach profilaktika inspektoriga xabar berishi lozimligi to`g`risida ogohlantiriladi. Parallel ravishda maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish uchun ruxsat berilganligi to`g`risida ma`lumotnoma beriladi.

Bu – muhim! Chetga chiqish muddati ma`muriy jazoni o`tash muddatining tugashiga to`g`ri kelsa, qarorda qaytib kelish muddati ko`rsatilmaydi. Ya`ni kishi qo`yib yuboriladi.

Chiqayotganda maxsus qabulxonaga kelib tushganda olib qo`yilgan hujjatlar, qimmatbaho buyumlar va boshqa ashyolar qaytariladi. Maxsus qabulxona hududidan chetga chiqarilgandan so`ng esa zudlik bilan borishi lozim bo`lgan tuman (shahar) ichki ishlar organiga xabarnoma yuboriladi.

Shaxs belgilangan manzilga etib kelgan vaqtida profilaktika inspektori u bilan 1 soatdan oshmagan vaqt mobaynida profilaktik suhbat o`tkazadi.

Kutilmagan holatlar yuzaga kelsa, shaxsning qaytib kelish muddati u turgan joydagi ichki ishlar organi boshlig`ining qaroriga ko`ra 2 sutkagacha uzaytirilishi mumkin. Uzaytirilgan muddat ma`muriy qamoqni o`tash muddatining tugashiga to`g`ri kelsa, shaxs maxsus qabulxonaga qaytib jo`natilmaydi.

Bu – muhim! «Ma`muriy qamoqni o`tash tartibi to`g`risida»gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq, maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish vaqti ma`muriy qamoqni o`tash muddatiga qo`shib hisoblanadi. Shaxs belgilangan muddatda maxsus qabulxonaga qaytib kelishdan bo`yin tovlagan taqdirda u ushlanadi va maxsus qabulxonaga jo`natiladi. Bunday holda chetga chiqish vaqti ma`muriy qamoqni o`tash muddatiga qo`shib hisoblanmaydi.

Samir Latipov.

    Boshqa yangiliklar