Afg`onistonda yana bir portlash sodir etildi, deb xabar berdi TASS nashri.
Bu galgi xunrezlik oqibatida ham o`nlab insonlar qurbon bo`ldi. Portlash Afg`onistonning Nangarhor viloyati ma`muriy markazi hisoblangan Jalolobod shahrida, viloyat gubernatori idorasi yaqinida sodir etilgan. Buning natijasida 19 kishi halok bo`ldi hamda 20 nafar inson jarohat oldi.
Portlash zarbi atrofdagi do`konlar va boshqa binolarga ham ta`sir ko`rsatgan. Muxaberat maydonida vayronalar va oyna siniqlarini ko`rish mumkin. Xabarlarga ko`ra, portlash Afg`oniston prezidenti Ashraf G`ani Jalolobod shahridagi kasalxonani ochib berganidan so`ng bir necha soat o`tib sodir etilgan.
Hozircha ushbu voqea uchun javobgarlikni hech qaysi terroristik tashkilot o`z zimmasiga olgani yo`q. Ma`lumot sifatida aytish kerakki, 30 iyun kuni Ashraf G`ani “Tolibon” harakati bilan Ramazon oyi munosabati ila tuzilgan kelishuv tugagani, mamlakat qurolli kuchlarining jangarilarga qarshi amaliyotlari tiklanishini ma`lum qilgandi.






