O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov Tatyana Karimova xotiralaridan:
“Islom Abdug`anievich bilan 1970 yili Samarqandda, muhandislik-texnologiya fakultetining oxirgi kursida o`qigan kezlarim tanishganmiz. Birinchi uchrashuvimiz ularning akalari Ibod G`anievichning uyida bo`lgan. Ibod G`anievichning rafiqasi Xayriniso Sultonovna mening xolavachcham edi. Men talabalar yotoqxonasida istiqomat qilar, darsdan keyin ularnikiga tez-tez mehmonga borib turar edim. Ibod G`anievich oqko`ngil, aqlli va odamshavanda inson, boz ustiga, yaxshi suhbatdosh ham edilar. Yangi yil eshik qoqib turgan kunlarning birida opamnikida o`tgan navbatdagi mehmondorchilikdan so`ng endigina ketishga taraddud ko`rib turganimda bir yigit kelib qoldi. Uni menga Ibod G`anievichning ukasi deb tanishtirishdi. Bu Islom Abdug`anievich edilar. Birinchi uchrashuvimizda deyarli gaplashmadik. O`shanda opam yo`ldan kelgan mehmon qo`lini yuvishi uchun ko`zadan suv quyib berishimni so`radilar. Keyin oila davrasida yana bir necha bor uchrashdik.
Kechagidek yodimda, martning ettinchi kuni, ayni bayram arafasi edi. Ko`klamning xush iforga to`la iliq havosi. Shig`alab yog`ib o`tgan yomg`irdan keyin atrof-borliq toza, musaffo va go`zal bo`lib ketgan. Ko`lmaklarda osmon parchasi aks etar, ko`ngillar yorishib, farahbaxsh hislarga limmo-lim to`lgan edi. Men talabalar yotoqxonasida edim. Ittifoqo meni birov so`rab kelganini xabar qilishdi. Kelgan inson kim ekanini tasavvur ham kalaolmaganim rost. Chiqib ko`rdimki, meni yo`qlab kelgan odam Islom Abdug`anievich ekanlar.
Meni xiyobonda sayr qilishga taklif etdilar. Biz ilk bor yolg`iz o`zimiz ko`rishib, gaplashib turgan edik. Tabiat, ob-havo, o`qish haqida suhbatlashdik. Odatiy suhbat. Lekin sayr asnosida Islom Abdug`anievich to`xtab, hech kutilmaganda “Menga turmushga chiqasizmi?” deb so`radilar. Men uchun bu mutlaqo kutilmagan hol edi. Qanday izohlashni ham bilmayman: aql vaziyatni hali to`liq anglab, baholab bo`lmasdan, qalb va yurak “ha” deya javob berib bo`lgan edi. Ko`ngil shubhayu gumondan xoli kezlarda shunday bo`ladi. Men bu insonning ichki kuchi, samimiyati, jozibasi, qat`iyati va nedir bir ohanrabosini sezgan bo`lsam kerak... Men “ha” deya javob berdim. Bari ana shunday kechgan edi. Bor-yo`g`i bir necha qisqa uchrashuv...
Islom Abdug`anievich aprelda ota-onamdan qo`limni so`ragani Quvasoyga bordilar. To`yimiz may oyida dastlab Samarqandda, keyinroq Quvasoyda bo`lib o`tdi.
To`ydan keyin Toshkentdagi ikki xonali kvartirada juda oddiy hayot kechira boshladik. Bu kvartirani Islom Abdug`anievich Davlat plan komiteti raisining yordamchisi bo`lgan kezlarda olganlar.
U kishi kuchli iroda va xarakter sohibi bo`lib, juda ko`p ishlar edilar. Biz oila qurgan kezlarimizda kamolga etgan inson edilar. Men o`shandayoq u kishining shaxsiyati ko`lamini anglagan, murakkab, lekin sharafli bir yo`lni bosib o`tishlarini his etgan edim.
Men hamisha Islom Abdug`anievichga hamnafas bo`ldim. Mendan butun umr izlanish, o`sish, matonatli bo`lish va tushunishga odatlanish, takomillashish yo`lidan yurmoq talab etildi. Negaki, umr yo`ldoshim mudom o`qib-izlanib yuksak cho`qqilar sari talpinardilar. Muhabbat bizni birlashtirdi, butun hayot yo`limizni yoritdi…”.






