1990-1992 yillarda Prezident xavfsizlik xizmati boshlig`i o`rinbosari sifatida ishlagan zaxiradagi polkovnik Sa`dullo Muhammadqulov O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan birga ishlagan kezlarini yodga olib, xotirladi.
«Men xossoqchilar guruhining boshlig`i sifatida xodimlarning har biri bilan alohida ishlar edim. Buning o`ziga yarasha sabablari bor edi. Islom Abdug`anievich respublikaning avvalgi rahbarlaridan farqli o`laroq, xavfsizligini ta`minlash nuqtai nazaridan «noqulay rahbar» edi. 1990 yil mart oyida Prezident etib saylanganidan keyin ham kamtarlik qilib xizmat mashinasiga Davlat xavfsizlik qo`mitasi va DAN xodimlarining hamrohlik qilishiga yo`l qo`ymagan. Aslida, bu maxsus yo`riqnomaga muvofiq emas edi. Shu bois ishni yo`riqnoma asosida tashkil qilishimiz talab etilar edi.
Respublikaning avvalgi rahbari bilan ishlab, ma`lum tajribaga ega bo`lgan faqat birgina xossoqchi bo`lib, qolganlar bari yangi xodimlar edi.
Ularga esa xossoqchining vazifalarini individual tarzda o`rgatishga to`g`ri kelgan. Prezident va oila a`zolariga biriktirilgan yangi xossoqchilar tez muddatda malaka va ko`nikmaga ega bo`lib, shijoat bilan ishga kirishib ketdi.
Prezident bilan ilk bor Nukus voqealari payti yaqindan tanishdim. Nukus voqealari muxolifat va ayirmachi guruhlar tomonidan uyushtirilgan edi. Prezident u erda avval muxolifat faollari va rahbarlari bilan uchrashib, ularning talablarini eshitdi. Keyin obkomning katta zalida jahl otiga mingan va muammolar ko`pligidan nima qilishni bilmay, muxolifat fikrini yoqlab chiqqan xalq bilan muloqot qildi. Islom Abdug`anievichning ajoyib odati bor edi. U kishi katta auditoriya bilan uchrashganda notiqlarni tinglab, qog`ozga tezis shaklida xulosalarini yozib borar, majlis yakunida shu asosda nutq irod qilar edi. Nukusda ham avval notiqlarning fikrlarini tinglab, so`ng barcha ko`tarilgan masalalar bo`yicha bittama-bitta javob berdi. O`shanda Islom Karimov vazminlik va donolik bilan katta g`alayon va xunrezlikning oldini olishga muvaffaq bo`lgan edi.
O`sha kezlar Islom Karimov mavjud murakkab vaziyatni sobiq ittifoqning boshqa respublikalari rahbarlaridan avvalroq tushunib etgani va muammolarni hal etgani ko`pchilik uchun kutilmagan hol edi. Hatto o`shanda Mixail Gorbachev zaharxanda bilan «Endi o`n oltita Prezident bo`lar ekan-da!» deganida, Islom Karimov «Ha, kerak bo`lsa, undan ham ko`p bo`ladi», deb javob bergan edi.
1991 yilning iyunida meni ta`tildan shoshilinch chaqirtirib olishdi. Menga Prezidentning xavfsizlik xizmati boshlig`i vazifasini bajarish topshirildi. O`sha yil avgustda Prezidentning Hindistonga rasmiy tashrifi ko`zda tutilgan edi. Menga tashrif davomida xavfsizlik masalalarini hal etish topshirildi. Bu o`ta muhim va sharafli, ayni chog`da mas`uliyatli vazifa edi.
Prezidentning ilk xorijiy tashrifini tashkil etish uchun mas`ul shaxslardan tuzilgan ishchi guruh Hindistonga bordik va to`rt kun davomida juda ko`p masalalarni hal etdik. O`zbekiston Prezidenti Hindiston Bosh vaziri bilan uchrashishi ko`zda tutilgan edi. Ammo mezbon davlat Tashqi ishlar vazirligi dastlab rad javobini berdi. Ular Hindistonday katta davlatning Bosh vaziri SSSRning alohida respublikalari Prezidentlarini qabul qilmaydi, degan mazmunda vaj ko`rsatishdi. Lekin ishchi guruh qat`iyat bilan qo`yilgan maqsadlarni amalga oshirishga intildi.
Hindistonga safar Prezidentimizga kuchli ta`sir ko`rsatdi. Ayniqsa, dunyo mo``jizalardan biri — salobatli Tojmahal majmuasi u kishini lol qoldirdi. Hind zaminida Boburiylar qurdirgan qasr, masjidu maqbaralarni ziyorat qilgach, «Bobur Mirzo o`z yurtidan quvg`in etilmaganida edi, mana shu kabi ulug`vor me`moriy obidalar O`zbekistonda qurilmasmidi», dedi Prezident afsus bilan.
Hindiston tashrifi yakuniga etay deganda «Moskvada GKChP hokimiyatni olibdi» degan xabar keldi. Prezident menga zudlik bilan uchib ketishi zarurligini aytdi. Shu tariqa O`zbekiston delegasiyasi belgilangan vaqtdan bir yarim soat oldin Toshkentga parvoz qildi...
Oradan bir hafta-o`n kun o`tib, tarixiy voqea yuz berdi. Islom Abdug`anievich 31 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida mamlakat Mustaqilligini e`lon qildi. Ota-bobolarimiz bunyod etgan me`moriy obidalar ziyoratidan keyin mustaqillikdan mujda beruvchi voqealarning boshlanganida nedir ilohiy ishorat ko`rgandek bo`laman.
Islom Abdug`anievich keng miqyosdagi dunyoqarash, kuchli intellektual salohiyat, strategik tafakkur va ulkan hayotiy tajriba sohibi, qo`rqmas hamda odil rahbar edi. Shu bois ham u mamlakatni o`ta og`ir va chigal vaziyatdan olib chiqa oldi.
MDH hududida birinchi bo`lib Prezident va uning oila a`zolari xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan yangi tizimni yaratishda ishtirok etganim, ikki yil davomida Islom Abdug`anievich bilan birga ishlagan kezlarimni aslo unutmayman».






