Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Olmazor tumaniga tashrifi chog`ida O`zbekiston karlar jamiyatining Kar-soqovlar madaniyat markazida bo`lib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo`llab-quvvatlash borasidagi ishlar bilan tanishgan hamda madaniyat markaziga ikkita avtobus, Karlar jamiyatining uch nafar a`zosiga Toshkent shahridan uy sovg`a qilgan edi. 1 iyul kuni O`zbekiston karlar jamiyatida ushbu sovg`alar tantanali ravishda topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan bayram tadbirida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, madaniyat va san`at namoyandalari, Toshkent shahar hokimligi, O`zbekiston karlar jamiyati a`zolari ishtirok etdi, deb yozmoqda O`zA.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosarlari Nodir Otajonov, Aziz Abduhakimov, Olmazor tumani hokimi Baxtiyor Rahmonov mamlakatimizda nogironligi bo`lgan fuqarolarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash masalasiga alohida e`tibor qaratilayotgani, davlatimiz rahbarining tashrifi mehrga, e`tiborga muhtoj insonlar hayotida juda katta o`zgarish bo`lganini ta`kidladi.
Prezidentimizning 2017 yilda va joriy yil iyun oyida O`zbekiston ko`zi ojizlar, karlar va nogironlar jamiyatlari faoliyatini qo`llab-quvvatlash bo`yicha e`lon qilingan qarorlari asosida nogironligi bo`lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni uy-joy bilan ta`minlash, tibbiy xizmatlarni olishida yangi imtiyoz va preferensiyalar belgilandi.
Ushbu qarorlarga muvofiq O`zbekiston karlar jamiyati Kar-soqovlar madaniyat markazining 450 o`rinli binosi tubdan ta`mirlanib, zamonaviy jihozlandi. 6 gektardan iborat hudud obodonlashtirilib, dam olish saylgohiga aylantirildi. Yopiq sport zali yonida stadion barpo etildi.


Karlar jamiyati a`zolari istiqomat qiladigan to`rt qavatli yotoqxona binosi ko`p yillardan beri ta`mirtalab bo`lib yotgan edi. Mazkur bino ham ta`mirlanib, oilalarga gaz plita va boshqa maishiy texnika jihozlari topshirildi. Hududda 600 o`rinli tikuvchilik korxonasi barpo etilib, hozirning o`zida 100 dan ortiq xotin-qiz ishga joylashtirildi.
Prezidentimiz jamiyat a`zolari bilan suhbatda ularning yashash sharoiti, dam olishi, salomatligi, farzandlarining ta`lim olish bilan qiziqib, bu masalalar davlatimiz nazoratida ekani, yaqin muddatda kar-soqov bolalarning savodxonligi, tarbiyasi, ishlashi va davolanish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan alohida qaror tayyorlash bo`yicha topshiriq berdi.


Shaxmat bo`yicha ikki karra jahon chempioni Sirojiddin Zayniddinov, taekvondo bo`yicha Osiyo chempionati sovrindori Davron Xidirov va raqs to`garagi rahbari, xalqaro tanlovlar g`olibi Oleg Oshepkovga uy, Kar-soqovlar madaniyat markazi a`zolarining ijodiy safarlariga qulaylik yaratish maqsadida ikkita avtobus sovg`a qilinishini aytdi.
Tadbirda ushbu sovg`alar o`z egalariga topshirildi. Toshkent shahar kar-soqovlar madaniyat markazi va O`zbekiston kar-soqovlar sport federasiyalariga avtobuslar sovg`a qilindi.
– Prezidentimizning O`zbekistondagi har bir odam men uchun qadrli degani nafaqat meni, balki har bir onaning ko`zlariga yosh qalqitdi. Chunki u kishining e`tibori mana shunday farzandi bor ota-onalar qalbida ham hayotga bo`lgan umid uchqunini uyg`otdi, – deydi taekvondo bo`yicha Osiyo chempionati sovrindori Davron Xidirovning onasi Gulnora Xidirova. – Ikki o`g`il, ikki qizim bor. Farzandlarim orasida Davronga ko`proq mehr berib o`stirdik. O`g`lim jamiyatning to`laqonli a`zosi bo`lishi uchun qilgan tinimsiz mehnatlari tufayli shu darajaga erishdi. Xudo xohlasa, uning shogirdlari ham musobaqalarda nufuzli o`rinlarni egallab, mamlakatimizning obro`sini jahonga tanitishga hissa qo`shadi.
– Prezidentimizning e`tibori men uchun juda katta sovg`a bo`ldi, – deydi Davron. – Bu men kabi boshqa yoshlarning ham qiyinchiliklarni engib o`tishida dalda beradi. Davlatimizning menga bergan mehrini albatta oqlayman.
Tantanali bayram dasturi, fayzli dasturxon atrofidagi suhbat jamiyat a`zolariga katta xursandchilik bag`ishladi.



















