AsosiySiyosat

O`zbekiston va Qozog`iston xavfsizlik borasida hamkorlik qiladi

'O`zbekiston va Qozog`iston xavfsizlik borasida hamkorlik qiladi'ning rasmi

Toshkent shahrida 29 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi va Qozog`iston Respublikasi Xavfsizlik kengashlari devonlarining ikki tomonlama maslahatlashuvi bo`lib o`tdi.

Tadbir 2017 yil 25 avgust kuni Ostona shahrida o`tgan O`zbekiston Respublikasi va Qozog`iston Respublikasi Xavfsizlik kengashlari devonlarining maslahatlashuvlari yakuni bo`yicha imzolangan bayonnoma ijrosini ta`minlash maqsadida tashkil etildi. Unda Qozog`iston Respublikasi Prezidentining yordamchisi – Xavfsizlik kengashi kotibi N.Ermekbaev boshchiligidagi delegasiya ishtirok etdi.

Uchrashuvda mintaqada xavfsizlikni ta`minlash va barqaror rivojlanishga erishishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ta`kidlanganidek, O`zbekiston bilan Qozog`iston o`rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari ko`p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash imkonini bermoqda. Mamlakatlarimiz hududlari o`rtasida aloqalar faollashgani xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatlarimiz mintaqa xavfsizligiga tahdid soluvchi terrorizm, ekstremizm va giyohvand moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo`yicha samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Ikki mamlakat huquq-tartibot organlarining muloqotlari muntazam ravishda amalga oshirilmoqda. 2017 yil avgust oyida Qozog`iston Respublikasi mudofaa vazirining mamlakatimizga tashrifi, joriy yil yanvar oyida Ostonada bo`lib o`tgan harbiy-texnik sohada hamkorlik bo`yicha ishchi guruh yig`ilishi fikrimiz tasdig`idir.

Hozirgi kunda mamlakatlarimiz davlat chegarasini delimitasiya va demarkasiya qilish kabi ustuvor vazifalar ijrosi izchillik bilan olib borilmoqda. Joriy yilning o`tgan davrida demarkasiya masalalari bo`yicha ishchi guruhining uchta yig`ilishi o`tkazildi.

Mintaqa manfaatlaridan kelib chiqqan holda, O`zbekiston bilan Qozog`iston transchegaraviy daryolar va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida doimiy maslahatlashuvlarni yo`lga qo`ygan.

Xavfsizlik kengashlarining maslahatlashuv uchrashuvi tinchlik yo`lidagi hamkorlikni mustahkamlashga imkon bermoqda. O`tgan qisqa davrda maslahatlashuvlarning bunday mexanizmi o`zining dolzarbligini isbotladi va o`zaro munosabatlardagi muhim masalalarga echim topishning samarali platformasi sifatida ahamiyatini namoyon etdi.

Uchinchi bor tashkil etilgan maslahatlashuvda Afg`onistondagi vaziyat, Markaziy Osiyo mintaqasida mavjud holat va sharoitlar tahlil qilindi. Harbiy-texnik, qo`shinlarning birgalikdagi jangovar tayyorgarligini oshirib borish, qo`shma harbiy mashg`ulotlar o`tkazish, noqonuniy migrasiyaga qarshi kurashishda idoralararo munosabatlarni faollashtirish yuzasidan fikr almashildi. Bojxona, fuqarolik aviasiyasiga qarshi qaratilgan noqonuniy aralashuv usullari va vositalari, xalqaro-huquqiy bazani takomillashtirishda hamkorlik yo`nalishlari bo`yicha o`zaro faoliyatni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqotda, shuningdek, 2017-2018 yillarda xavfsizlik sohasida hamkorlik bo`yicha "Yo`l xaritasi" ijrosini izchil amalga oshirish zarurligi ta`kidlandi. 2017 yil 16 sentyabr kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi va Qozog`iston Resspublikasi hukumatlari tomonidan tasdiqlangan O`zbekiston – Qozog`iston davlat chegaralarida qurilishi taklif etilgan avtomobil yo`llari va maydonlari, o`tkazish punktlarini qayta ta`mirlash va modernizasiya qilish bo`yicha "Yo`l xaritasi" ijrosining dastlabki yakunlari ko`rib chiqildi.

Yig`ilishda ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish, ushbu sohalarda qo`shma tashabbuslarni ishlab chiqish bo`yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

O`zbekiston Respublikasi va Qozog`iston Respublikasi Xavfsizlik kengashlari devonlarining ikki tomonlama maslahatlashuvlari yakuni bo`yicha bayonnoma imzolandi.

Qozog`iston Respublikasi Prezidentining yordamchisi – Xavfsizlik kengashi kotibi N.Ermekbaev O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig`i B.Matlyubov bilan ham uchrashdi.

Muloqotda terrorizm, ekstremizmga qarshi kurashish, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi bilan bog`liq jinoyatlarning oldini olishda o`zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Mehmonlarga jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqni muhofaza qilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma`lumot berildi.

Qozog`iston delegasiyasi shu kuni Samarqand shahrida bo`lib, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi. Mehmonlarga Buyuk Yo`lboshchimiz mangu qo`nim topgan Hazrati Xizr majmuasida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari haqida so`zlab berildi.

    Boshqa yangiliklar