AsosiyJamiyat

Ninad Pejich: O`zbek matbuotida portlash sodir bo`ldi

'Ninad Pejich: O`zbek matbuotida portlash sodir bo`ldi'ning rasmi

2018 yilning 29 iyun kuni O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori Laziz Tangriev va “Ozodlik” radiosi xalqaro notijorat tashkilotining bosh muharriri hamda vise-prezidenti Ninad Pejich uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Avvalo, O`zMAA Bosh direktori L.Tangriev mehmonga Agentlikning asosiy faoliyat yo`nalishlari haqida ma`lumot berib, ushbu tashkilot ommaviy axborot vositalari sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi ekanligini qayd etib o`tdi.

Ninad Pejich ushbu fikrni qo`llab-quvvatlab, Agentlikning xuddi boshqa mamlakatlarda bo`lgani kabi OAV sohasida qonun buzilishlarining oldini olish, ularning faoliyat ko`rsatishlari uchun guvohnoma berish kabi masalalar bilan shug`ullanishi unga ma`lum ekanligini alohida ta`kidlab, quyidagilarni ma`lum qildi:

- O`zbekistonga kelishimning asosiy sabablaridan biri shuki, bugun davlatingizda juda katta o`zgarishlar sodir bo`lmoqda. Biz, albatta, bu o`zgarishlarni O`zbekiston uchun yaxshi deb hisoblaymiz. Shuningdek, o`zbek matbuotida ijobiy ma`noda portlash sodir bo`ldi. Va biz ana shu portlashning bir bo`lagi bo`lishni xohlardik. Aynan mana shuning uchun ham O`zbekistonda rasman ro`yxatdan o`tgan holda faoliyat yuritishni istaymiz. Men O`zbekistonda ommaviy axborot vositalari sohasida katta ishtiyoqni his qilyapman. Chunki hamma davlatlarda ham matbuot sohasidagi vaziyatni yaxshi deb bo`lmaydi. Ba`zi davlatlarda OAV erkinligi pasayib bormoqda, - dedi Ninad Pejich.

- Siz ta`kidlagan portlash muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning samarasidir. Chunki, sir emaski, har qanday jamiyatda matbuot va OAV erkinligini cheklovchi kuchlar mavjud bo`ladi. Prezidentimizning qat`iyati, azmu shijoati ana shu kuchlarni engdi. O`zbek jurnalistikasi tarixida hech qachon kuzatilmagan imkoniyat eshiklari ochildi, ulkan shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Misol uchun, yaqindagina tashkil etilgan O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetini yoki nodavlat ommaviy axborot vositalarini moliyaviy qo`llab-quvvatlash bo`yicha davlat fondi tashkil etish bo`yicha olib borilayotgan ishlarni aytib o`tish mumkin. Shuningdek, 27 iyun – Matbuot va OAV xodimlari kuni munosabati bilan o`nlab nodavlat OAV, xususan, internet nashrlari vakillari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi, - deya fikr bildirdi L.Tangriev.

    Boshqa yangiliklar