«O`zbekiston davlat filarmoniyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi "Huquqiy axborot" kanali ma`lum qilgan.
Qarorga ko`ra, Madaniyat vazirligi huzurida O`zbekiston davlat filarmoniyasi va uning hududiy bo`linmalari tashkil etildi.
Davlat filarmoniyasi O`zbekiston badiiy jamoalari ijodiy birlashmasi, O`zbekiston milliy simfonik, kamerli va xalq cholg`u asboblari orkestrlari jamoalari birlashmasi hamda “Turkiston” san`at saroyining barcha huquq, majburiyat va shartnomalari bo`yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Davlat filarmoniyasining asosiy vazifasi etib, shu jumladan milliy, mumtoz va zamonaviy musiqa hamda raqs san`atini ilg`or yutuqlar asosida rivojlantirish etib belgilandi.
Qarorga muvofiq Davlat filarmoniyasi va uning hududiy bo`linmalari konsert-tomosha faoliyatini tegishli lisenziyani olmasdan, konsert-tomosha tadbirlarini bir martalik ruxsatnoma olmasdan amalga oshirishi mumkin.






